O‘zbekiston | 17:24 / 16.06.2016
4257
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida 343 nafar mahalla raisi saylandi

Navoiy viloyatidagi 283 mahalla, 1 shaharcha, 42 qishloq, 17 ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan saylovlarda 343 fuqarolar yig‘ini raisi va ularning 3 ming 480 maslahatchisi saylandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda. 

– Saylovlarning muqobillik asosida o‘tgani fuqarolarning o‘zaro hamjihatligini mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Normurod Isoqov. – Saylovda 232 rais birinchi marta saylandi. Ovoz berish jarayonida nomzodlarning ma'lumoti, tashabbuskor va tashkilotchiligi, ko‘p yillik hayotiy tajribasi va el-yurt orasidagi obro‘-e'tibori e'tiborga olindi. Saylovda yosh va yangicha fikrlaydigan nomzodlarga ko‘proq ishonch bildirildi. Saylangan raislarning 33 nafarini 40 yoshgacha, 142 nafarini 40-50 yoshdagilar tashkil etadi.

Hududlarda sog‘lom ma'naviy muhitni qaror toptirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining nufuzini yanada yuksaltirishda mahalla maslahatchilarining o‘rni katta. Shu bois joriy saylovlarda ko‘rsatilgan nomzodlar orasidan bilimli, ko‘pni ko‘rgan va tajribali  nomzodlarga ko‘proq ovoz berildi.