Toshkentda bilimlar bellashuvi intellektual tanlovining mamlakat bosqichi boshlandi
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan bilimlar bellashuvi intellektual tanlovining mamlakat bosqichi boshlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Bu yilgi bilimlar bellashuvining dastlabki bosqichida 5-8-sinflarning 2 million nafardan ortiq o‘quvchisi 16 fan bo‘yicha qatnashdi. Eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan o‘g‘il-qizlar a'lochilar tanlovining yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Jahongir Norboyev Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi 18-umumta'lim maktabining 7-sinfida o‘qiydi. U 2016 yilning avgust oyida Tailandda bo‘lib o‘tadigan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi matematika fani bo‘yicha xalqaro musobaqada O‘zbekiston yoshlari safida qatnashadi.
Mazkur zakovat musobaqasining dastlabki jarayonida aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar, keyin filologiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning iqtidori sinovdan o‘tkaziladi.