O‘zbekiston | 16:56 / 17.06.2016
3775
2 daqiqa o‘qiladi

2016 yil Navoiy viloyatida 47 ming 700 aholining suv ta'minotini yaxshilash belgilangan

Navoiy viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash va suv inshootlarini rekonstruksiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

– Joriy yilgi investitsiya dasturiga asosan 47 ming 700  aholining suv ta'minotini yaxshilash belgilangan, – deydi Navoiy viloyati “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmasi bosh muhandisi Zohid Hamroyev. – Ayni paytda aholi hududlarini suv ta'minoti tarmoqlariga ulash ishlari jadal olib borilmoqda. Bu yil viloyatda 23 zamonaviy massiv hamda 19 qishloqda aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash rejalashtirilgan.

2012-2013 yillarda Qiziltepa, Konimex, Karmana, Navbahor, Xatirchi tumanlari markazlarida umumiy qiymati 19,9 million dollarga teng bo‘lgan 2 yangi suv tarqatish inshooti qurilib, 3 tasi rekonstruksiya qilindi. 152,1 kilometr suv quvurlari yotqizilishi natijasida 70 ming aholining ichimlik suv ta'minoti yaxshilandi. 

Joriy yilda ham viloyatda 13,3 milliard so‘mlik ish bajarilib, 133 kilometr hududda suv quvurlari yotqizilishi rejalashtirilgan.