BMT IShIDning yazidlarga nisbatan genotsidini tan oldi
BMT tergovchilari IShID terrorchilik guruhini ilk marotaba Iroq va Suriyadagi yazidlarni qatliom qilganlikda aybladi. OAVning tashkilot hisobotiga asoslangan holda xabar qilishicha, diniy terroristik guruh a'zolari, yazidlarni eng dahshatli vahshiyliklarga solgan, ommaviy qatl etgan hamda ularni qul qilgan.
Terrorchilarning bundan ko‘zlagan maqsadi, yazidlar va ularning madaniyatini butunlay yo‘q qilishdan iborat bo‘lgan, deyiladi BMT hisobotida. Endilikda, tashkilot yazidlarga yordam berishni mintaqadagi o‘zining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilab olgan. Hozirda 3200 nafar yazid IShID ixtiyorida qamoqda saqlanmoqda.
OAVning qayd etishicha, terrorchi-jangarilar, yazidlarni "shaytonga ibodat qiluvchilar" deb hisoblagani bois, ularni o‘ldirish yoki qul qilish mumkin, degan fikrda.
2014 yil avgustida IShID jangarilari Iroqning shimoli-g‘arbiy hududida Sinjur tumanidagi minglab yazidni qurshab olgan edi. O‘shanda erkaklar va 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar, ayollar va qizlardan ajratib olinib, otib tashlangan, deyiladi hisobotda. Ayollar va qizlar esa, doimiy tajovuz va zo‘ravonliklar nishoni bo‘lgan.