Isroil qishloq xo‘jaligi sohasida erishgan yutuqlar ko‘lami
Bundan 60 yillar avval Isroilda oziq-ovqat mahsulotlari maxsus kartochkalar orqali tarqatilardi. Mamlakat o‘shanda insonparvarlik yordamlariga ko‘z tikib yashardi. Bugungi kunda xududi 22 ming kvadrat kilometrni tashkil qiladigan, hududlarining yarmi tog‘lik, o‘rmon, cho‘l va sahrolardan iborat bo‘lgan Isroil davlati to‘laligicha o‘zining aholisini oziq-ovqat bilan ta'minlaydi, bir yarim milliard dollarlik qishloq xo‘jalik maxsulotlarini eksport qiladi.
Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, Isroil qishloq ho‘jaligida bugungi kunda mamlakat aholisining atigi 6 foizi mehnat qiladi. Shu bilan birga mamlakat o‘zini o‘zi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga erishdi. Bu mamlakatga oziq-ovqat mahsulotlarining atigi 5 foizi chetdan olib kelinadi.
Isroilning qishloq xo‘jalik mahsulotlari – sabzavot, kartoshka, qovun-tarvuzlari, sitrus mevalari, urug‘ va ko‘chatlari AQSh, Kanada, shuningdek, Osiyo, Afrika, G‘arbiy va Sharqiy Yevropaning o‘nlab mamlakatlariga sotiladi. Shuningdek, bu mamlakat bir yilda bir yarim milliard dona gul eksport qiladi. Gul, meva va sabzavotlarning asosiy qismi issiqxonalarda yetishtiriladi. Masalan, ochiq xavodagi bir gektar yerdan 60-80 tonna pomidor hosili olinsa, kompyuter bilan boshqariladigan issiqxonalardan 500 tonnagacha hosil yig‘ishtirib olinishi amalda isbotlandi.
Bugungi kunda Isroil ko‘katlar yetishtirish va sotish bo‘yicha jahonda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Bu mamlakat 36 turdagi ko‘katlarni yetishtiradi va eksport qiladi. Masalan, bugun ertalab yetishtirilgan ko‘katlar ertasi kuni Yevropa mamlakatlarining do‘konlari peshtaxtalaridan joy oladi. Uzum sotish bo‘yicha ham Isroilning oldiga tushadigan mamlakat yo‘qligi aytiladi. Qimmat bo‘lishiga qaramay, Isroil urug‘lari jahon bozorlarida katta talabga ega.
Chorvachilik – Isroil qishloq xo‘jaligining faxri sanaladi. Isroil fermalaridagi sigirlarning oyog‘idagi taqinchoqlarni ko‘rgan xorijliklar avvaliga hayron bo‘lishlari shubhasiz. “Pedometr” deb nomlanmish bu jihoz sigirlarning qancha sut berishidan tashqari, hayvonlar bir kunda qancha qadam tashlagani haqidagi barcha ma'lumotlarni ho‘jalikning bosh kompyuter markaziga yetkazadi. Agar sigir bir kunda belgilangan darajada yurmagan bo‘lsa, u holda kasal hisoblanadi. Isroil sigirlari bir yilda 9-12 ming litr sut beradi. Bitta sigirdan sut sog‘ish bo‘yicha Isroil jahonda birinchi o‘rinda turadi.
Mana 60 yildan oshibdiki Isroil texnologiyalari yer yuzidagi turli mamlakatlarning millionlab gektar qishloq xo‘jalik ekinzorlarida, dalalarida, bog‘ va parklarda, xonadonlarda, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishda, dala hovlilarda ishlatilmoqda. Isroil xorijiy davlatlarga qishloq xo‘jalik va chorvachilik jihozlari majmualarini yetkazib beradi. AQSh, Yaponiya, Kanada, Avstraliya kabi iqtisodi rivojlangan mamlakatlar ham Isroilning ishonchli, arzon va shu bilan birga sifatli texnologiyalarini afzal ko‘rishadi. Shu sababli ham mutaxassislar “Isroil texnologiyalari jahonni ocharchilik va chanqoqlikdan qutqarmoqda”, deyishadi. Chunki aynan isroillik mutaxassislar yaratgan texnologiyalar asosida hosilni nest-nobut qilmay saqlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Tashqi hamkorlik sohasida isroillik mutaxassislar xorijlik hamkasblarining malakasini oshirishga har tomonlama yordam berishadi.
Bu mamlakatning qora va qizil uvildiriqlari xalqaro bozorda yuqori baholanadi. Parrandachilik ham yaxshi rivojlanib, mamlakatda tovuq, o‘rdak, g‘oz, kurka kabi parrandalar ko‘paytiriladi.
Butun jahonda suv bebaho tabiiy resurs sanaladi. Dehqonchilik esa sug‘orishni taqozo qiladi. Isroil murakkab iqlimga moslashgan mintaqada joylashgan. Suv resurslari cheklangan, yomg‘ir ham qish faslida, ya'ni dekabr-aprel oylaridagina yog‘adi. Shu sababli ham suvdan tejamli va samarali foydalanish zamonaviy qishloq xo‘jaligining talabidir. Mavjud muammolarga qaramay, Isroil bir qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Isroil mutaxassislari taklif etayotgan jihozlar suvdan samarali va ekologiya, yer va suv manbalariga deyarli ziyon yetkazmasdan foydalanish imkonini yaratdi. Isroilda bir yilda sug‘orish ishlariga 1 milliard 200 million kub metr suv sarflanadi. Shundan uchdan ikki qismi tabiiy manbalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Dehqonlarni suv bilan ta'minlashga mo‘ljallangan Umumisroil suv quvuri barpo etilgan. Suv taqsimlash tizimi har bir ekin maydonini qamrab olgan. Shuningdek, yomg‘ir suvlarni to‘plovchi maxsus rezervuarlar qurilgan, ayni damda bu kabi suv omborlarni qurish ishlari davom etmoqda. Suv taqchilligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketishni taqozo qiladi. Bir tomondan qishloq xo‘jalik yerlarini suv bilan ta'minlash muammosini hal qilish kerak bo‘lsa, ikkinchi tomondan aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, sanoat korxonalariga suv yetkazib berish xam asosiy masalalardan biridir. Shu sababli dengiz suvlarini chuchuklashtirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Isroilda so‘nggi 30 yil mobaynida suv taqsimoti o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish besh barobar oshdi. Bunday natijaga tomchilab sug‘orishda yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali erishildi.
Sharofiddin To‘laganov