Jamiyat | 16:04 / 17.06.2016
8142
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik bloger Counter-Strike va GTA o‘ynab, Porsche xarid qilish uchun pul ishlab oldi

Internet tarmog‘ida Bulkin laqabi ostida mashhur bo‘lgan 20 yoshli bloger Aleksandr Shabanov 7 million rubl qiymatga ega qizil rangli Porsche 911 Carrera S sportkarini qo‘lga kiritdi. Bu haqida PlayGround ma'lum qildi. 

Blogerning so‘zlariga ko‘ra, u o‘yin strimlari, Counter-Strike va GTA o‘yin jarayonlarini veb-kameraga olish va bu roliklarni o‘zining YouTube-kanaliga qo‘yish orqali pul topadi. Shabanov roliklar namoyishi va Twitch strim servisidan keladigan daromadlar unga avtomobilga pul yig‘ish va yashash uchun qulay sharoit yaratishga imkon berganini ta'kidladi.

Porsche xaridi haqidagi video tagida qoldirilgan izohlarda Shabanov qarindoshlaridan hech biri na bunday ijtimoiy mavqega va na salmoqli pul resurslariga ega emasligini ma'lum qildi.

2015 yilning oktabrida Forbes jurnali YouTube'ning eng yuqori daromad oluvchi videoblogerlari ro‘yxatini e'lon qilgan. Unga ko‘ra, 1-o‘rinni shved millatiga mansub PewDiePie laqabi bilan tanilgan Feliks Chelberg egallagan, u bir yilda 12 million dollar pul ishlagan. Chelbergning kanaliga deyarli 40 million foydalanuvchi a'zo bo‘lgan.