Iqtisodiyot | 20:39 / 17.06.2016
16444
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya sayyohlik inqirozini boshdan kechirmoqda

Odatda yilning bu davrida Antalya yaqinidagi Kemerdagi 4 yulduzli Garden Resort Bergamot mehmonxonasi 70 foizga to‘la bo‘lar edi. Biroq bu yerdagi 233 ta xonadan bor-yo‘g‘i 25 tasida sayyohlar joylashgan. 

"Biz xodimlarimiz sonini 80 nafardan 50 nafargacha kamaytirdik, narx-navo ham 30 foizga pasaydi. Agar keyingi yilda ham shunday davom etsa, unda biz yopilishimizga to‘g‘ri keladi", deb aytdi mehmonxona egasi Suxa Sen.

Basseyn oldida quyoshda toblanayotgan bir necha nafar mehmonlar omadlari chopganidan mamnunlar.

"Biz ikki kishiga bir haftaga, "hammasi ichida" paketiga 500 funt sterlingdan (715 dollar) sal ko‘proq to‘ladik. Hozirda eng arzon turlar Turkiyaga bo‘lmoqda, biz buni kutmagandik, biroq odamlar bu yerga kelishga qo‘rqmoqdalar", deb aytdi Shimoliy Uelsdan kelgan Dayyen Roberts.

Xuddi shunday manzara Antalya va mamlakatning boshqa yerlarida ham kuzatilmoqda: Turkiyaning sayyohlik sektorida inqiroz hukm surmoqda. 2014 yilda 37 mln mehmonni kutib olgan va dunyoning eng ommaviy sayyohlik yo‘nalishlari bo‘yicha 6-o‘rinni egallagan Turkiya dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bu yili umumiy sayyohlik oqimining kamida 40 foizini yo‘qotadi.