Jahon | 11:16 / 17.06.2016
2788
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir BAA harbiylari Yamandagi amaliyotlardagi ishtirokini to‘xtatishi haqidagi bayonotini inkor etdi

Birlashgan Arab amirliklari qurolli kuchlari Yaman hududida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya safida harbiy amaliyotlarda ishtirok etishda davom etadi. Bu haqda "Ash-Sharq al-Ausat" gazetasi mamlakat tashqi ishlar vaziri Anvar Gargashga asoslanib xabar tarqatgan. Vazir biroz oldinroq o‘zining BAA yarimorol janubidagi harbiy harakatlardagi ishtirokini to‘xtatishi haqida bergan bayonotini rad etgan.

"Biz urush holatidamiz. Mening so‘zlarimni xato izohlashibdi", degan u.

Gargash "BAA Qurolli kuchlari Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda o‘z vazifasini bajarishda davom etishi hamda koalitsiya urush to‘xtagani haqida e'lon qilmagunicha, harbiy harakatlardagi ishtirokini davom ettirishi"ni bildirgan.

Bir kun oldin vazir BAA harbiylari bundan buyon Yamandagi urushda ishtirok etmasligi haqida bayonot bilan chiqqandi.

"Bizning pozitsiyamiz aniq: Urush bizning askarlar uchun tugagan. Hozir biz siyosiy sahnadagi vaziyatni kuzatmoqdamiz va yamanliklarning o‘z hududlarini ozod etishdagi harakatlariga xayrixohlik bildiramiz", degandi u.

Yamandagi siyosiy inqiroz 2014 yildan buyon davom etmoqda. Vaziyat 2015 yilning 26 mart kunida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya Abd Rabbo Mansur Hodiy boshchiligidagi Yamanning qonuniy hukumatiga isyonchi husiychilarga qarshi urushda yordam berish maqsadida harbiy harakatlarni boshlagach, yanada chigallashdi. Koalitsiya tarkibida saudiyaliklardan tashqari, BAA, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Misr, Iordaniya, Marokash va Sudan harbiylari bor.

2016 yilning 11 aprelida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bitim tuzilgan, lekin tomonlar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib turibdi. Koalitsiya samolyotlari Yamanda havo zarbalari amalga oshirishda davom etmoqda.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, Yamanda harbiy harakatlar boshlanganidan buyon BAAning 80 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. Umumiy hisobda shu vaqtgacha tomonlarning yo‘qotishlari soni 7 ming nafardan ortgan.