Aron Gunnarsson: «Krishtianu o‘shanda menga futbolkasini tunnelda berishi haqida aytgandi»
Islandiya terma jamoasi sardori Aron Gunnarson o‘z orzusiga yetishgani haqida gapirdi.
«Ronaldu mening kimligimni so‘ramagandi. Aniqki, u aytishganidek dimog‘dor odam emas. Men undan men bilan futbolka almashishga rozi bo‘lishini so‘radim va u shunday javob qaytardi: «Tunnelda». Bu vaziyat bo‘yicha tarqalgan mish-mishlarda zarracha haqiqat yo‘q. Men uning futbolkasiga ega bo‘lishni orzu qilardim. Men «Manchester Yunayted» muxlisiman, Ronaldu esa bu jamoada ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgan. Shuning uchun uning ham muxlisi edim va undan futbolka olishni istardim», – deya Gunnarssonning so‘zlarini keltiradi Tribuna sayti.
Bundan avvalroq nashrlarda islandiyalik futbolchi Ronaldu bilan futbolkasini almashtirish uchun unga ikki marta murojaat qilgani, Gunnarsson uchinchi bor «Real» hujumchisiga murojaat qilganida «Futbolka almashamiz? Kimsan o‘zi?» degan javob olgani haqida aytilgandi.
Yevro–2016 favoritlaridan biri sifatida e'tirof etilgan Portugaliya termasi Yevropa chempionatida debyut qilgan Islandiya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi.
Bugun Islandiya Vengriyaga qarshi o‘ynaydi. Portugaliyani esa Avstriyaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Manba: Tribuna.UZ