Sport | 07:41 / 18.06.2016
9403
2 daqiqa o‘qiladi

Yengil atletika bo‘yicha Rossiya terma jamoasi 2016 yilgi Olimpiadadan chetlatildi

Yengil atletika federatsiyalari xalqaro kengashi (IIAF) Venadagi yig‘ilishdan keyin Butunrossiya yengil atletika federatsiyasining tashkilotdagi a'zoligini tiklamaslikka qaror qildi. Bu esa rossiyalik yengil atletikachilar Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan 31 Yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmasliklarini anglatadi.

Ushbu masala bo‘yicha ovoz berishda tashkilotning 27 ta a'zosidan 24 tasi ishtirok etdi, chunki Rossiya vakili Mixail Butov unda ishtirok etishdan bosh tortdi, Keniya vakili korruptsion sxemalarga aloqadorlikda gumon qilinib unga qo‘yilmadi, Saudiya Arabistoni vakili shaxsiy sabablarga ko‘ra ishtirok eta olmadi.

Rossiyaning qolgan terma jamoalarining Olimpiadada ishtirok etishi bo‘yicha qaror 21 iyunda Lozannada Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi yig‘ilishida qabul qilinadi.

Ovoz berishgacha bir necha kun avval Butunjahon aksildoping agentligi rossiyalik sportchilarda doping-sinovlar bilan bog‘liq firibgarliklar va 736 ta doping-tekshiruvning barbod qilinishi so‘zlangan hisobotni chop etdi.

Rossiya terma jamoasi may oyida Moskva aksildoping laboratoriyasi sobiq rahbari Grigoriy Rodchenkov The New York Times gazetasiga bergan intervyusida uning shaxsan o‘zi 3 nafar rossiyalik sportchiga "doping kokteyl" tayyorlaganini aytgandan keyin Olimpiadadan og‘zaki chetlatilgandi.

Avvalroq XOQ prezidenti Tomas Bax Rossiyada "tashkillashtirilgan va yalpi doping tizimi" mavjudligi haqidagi ma'lumot tasdiqlansa, Rossiya terma jamoasi Olimpiadadan chetlatilishi mumkinligini aytgandi.

O‘shanda Rossiya sport vaziri Vitaliy Mutko "eng yomon ssenariy" yuz berishi, ya'ni Rossiya terma jamoasi sayyoramizning 4 yillikdagi bosh musobaqalarini o‘tkazib yuborishi mumkinligini aytgandi, biroq Rossiyada tizimli ravishda doping qo‘llanishi haqidagi ayblovni inkor qilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish