Xakerlar «Pentagonni buz» loyihasi doirasida 15 ming dollargacha olishdi
AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter aprel-may oylarida bo‘lib o‘tgan «Pentagonni buz» loyihasi natijalarini e'lon qildi.
Unga ko‘ra, 1,4 ming xaker Amerika mudofaa vazirligi ochiq tarmoqlari, xususan, uning asosiy sayti - defense.gov ning kamchiliklarini aniqlash loyihasida ishtirok etgan. Karterning so‘zlariga ko‘ra, qatnashchilarning 250 nafari hech bo‘lmaganda bitta bag xususida ma'lum qilgan.
Pentagon tizimida topilgan 138ta nuqson mukofotga arziydi, deb baholangan. Shunga ko‘ra, tanlovda ishtirok etgan xakerlarga, bajargan ishlarining hajmiga ko‘ra, 100 dollardan 15 ming dollargacha mukofot berilgan. Karterning qayd etishicha, dasturga sarf etilgan 150 ming dollar kichik mablag‘ emas, ammo ayni ishni rasmiy pudratchi bajarganida kamida 1 mln dollarga aylanardi.