«Kortej» loyihasi mashinalari krash-testlardan o‘tdi
«Kortej» loyihasi avtomobillari Rossiya va Germaniyada bo‘lib o‘tgan krash-test natijalarida eng yuqori ballni olgan. Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov «Rossiyskaya gazeta» nashriga bergan intervyusida shu haqda ma'lum qilgan.
Manturovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda «Kortej» loyihasi avtomobillarining namunalari, turli xil qoplamali yo‘llarda sinovdan o‘tmoqda. Shu paytga qadar, ular me'yorda belgilangan 100 ming km dan 10 ming kilometrini yurgan. Avtomobillarning yakuniy namunalari, 2017 yilda xizmatga shay bo‘lsa-da, ularning ommaga namoyishi 2018 yil may oyidagi prezident inauguratsiyasida bo‘lib o‘tadi.
2016 yilda ushbu loyiha uchun davlat byudjyetidan 3,7 milliard rubl sarflanadi. Umuman, «Kortej» uchun davlat g‘aznasidan 9-12 milliard rublgacha mablag‘ ketadi.
Uning ilk mashinalari Markaziy avtomobil va avtomotor ilmiy-tadqiqot instituti ishlab chiqarish maydonida yig‘iladi.
Davlatning yuqori lavozimli mulozimlarini olib yurish va ularni qo‘riqlashga mo‘ljallangan limuzinlar, sedanlar, mikroavtobuslar hamda yo‘ltanlamaslar, Sollers korxonasida seriyali ishlab chiqariladi.