Fan-texnika | 15:31 / 18.06.2016
4337
2 daqiqa o‘qiladi

NASA to‘liq elektrlashtirilgan samolyotning birinchi prototipini taqdim etdi

AQSh milliy kosmik agentligi (NASA) Maxwell nomi bilan mashhur X-57 - to‘liq elektrlashtirilgan samolyotning birinchi prototipini namoyish qildi. Bu haqida tashkilotning rasmiy saytida xabar qilindi. 

17 iyun, juma kuni NASA har yili o‘tkaziladigan Vashingtondagi Amerika aeronavtika va astronavtika forumida X-57 prototipini taqdim etdi. Samolyot 14ta propeller dvigatel bilan ta'minlangan va ularning barchasi o‘ziga xos tuzilmaga ega bo‘lgan qanotlarga biriktirilgan. 

NASA xodimlari elektr dvigatellar samolyotlarni yanada shovqinsizroq, samaraliroq va ekologik toza qila oladi, deb hisoblashmoqda. 

"X-seriyali samolyotlarning NASA tadqiqot imkoniyatlari ko‘lamiga qaytishi - X-57 samolyotining ishlab chiqarilishi aviatsiya olamida yangi davrning boshlanishiga qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ladi", - deya ma'lum qildi forumda NASA rahbari Charlz Bolden.

NASA  ishlab chiqaruvchilari propeller dvigatelli  uchar qurilmaning qanotlarida elektr energiyasining taqsimlanishi energiyaning  besh karra tejalishiga olib keladi, deb umid qilishmoqda. 

Bundan tashqari mazkur texnologiya atmosferaga karbonat angidrid chiqindilarini chiqarishni istisno qiladi hamda fuqarolik aviatsiyasida qo‘llanib kelinayotgan qo‘rg‘oshin asosidagi aviatsion yoqilg‘iga talabni kamaytiradi.