Surxondaryo viloyat boshqarmasining hududiy tuman bo‘limi sud ijrochisi pora bilan qo‘lga olindi
SVOJJDLQK departamentining Surxondaryo viloyat boshqarmasi va viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro Burxon Ashirovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) arizasi yuzasidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash departamenti Surxondaryo viloyat boshqarmasining hududiy tuman bo‘limlaridan birida sud ijrochisi bo‘lib ishlagan Karim Xodiyevning jinoiy qilmishi fosh etildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, ta'magirlik yo‘li bilan fuqaro G.Ashirovning turmush o‘rtog‘i A.Yo‘ldoshev farzandlarining ta'minoti uchun aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotganligi sababli, uni respublika hududidan chetga chiqish huquqini vaqtincha cheklash va qidiruv e'lon qilish uchun “xizmat haqi” so‘ragan ekan. U tanishi fuqaro R.O‘rmonov orqali G.Ashirovning opasidan kimyovi ishlov berilgan 200 ming so‘m pulni pora tariqasida olayotgan vaqtda ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.