18:10 / 19.06.2016
11241

Xitoy rahbari O‘zbekiston parlamenti a'zolari oldida nutq so‘zlaydi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin 21 iyun kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga keladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari, dolzarb mintaqaviy va xalqaro siyosiy masalalar muhokama etiladi.

Tashrif dasturida Xitoy Raisining O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so‘zlashi ham ko‘zda tutilgan.

Tashrif yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasining qo‘shma bayonotini qabul qilish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan bitimlar va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi majlisida ishtirok etadi.

Top