Sport | 15:30 / 19.06.2016
11603
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya terma jamoasi Rio-2016 olimpiadasidan to‘la tarkibda chetlatilishi mumkin

Rossiyaning barcha sport turlari bo‘yicha terma jamoalari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan 2016 yilgi Yozgi olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishdan mahrum qilinishi mumkin.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Lozanna shahrida 21 iyun kuni o‘tkaziladigan yig‘ilishida Rossiya olimpiya qo‘mitasi va milli olimpiya terma jamoasiga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Germaniyadagi Der Spiegel nashriga asoslanib, Tribuna.uz xabar berishicha, yig‘ilish yakunida katta ehtimol bilan Rossiyani Rio olimpiadasidan butunlay chetlatish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Bu qaror qomita rahbari Tomas Bax tomonidan e'lon qilinishi kutilmoqda. Yig‘ilishda Rossiya olimpiya qo‘mitasi rahbari Aleksandr Jukov ham ishtirok etadi.

17 iyun kuni Yengil atletika federatsiyalari xalqaro uyushmasi (IAAF) tomonidan yengil atletika bo‘yicha Rossiya terma jamoasi 2016 yilgi Olimpiadadan chetlatildi.

Butunrossiya yengil atletika federatsiyasi 2015 yil noyabrida diskvalifikatsiya qilingan edi. Joriy yilning fevralida esa 4027 rossiyalik atletlar xalqaro musobaqalardan chetlatilgan edi.

Sportchilarning musobaqadan chetlashtirilishiga asosiy sabab ularning dopingdan foydalangani bo‘ldi.

Rossiyaning qolgan terma jamoalarining Olimpiadada ishtirok etishi bo‘yicha qaror 21 iyunda Lozannada Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi yig‘ilishida qabul qilinishi xabar qilingandi.

Undan avvalroq XOQ prezidenti Tomas Bax Rossiyada "tashkillashtirilgan va yalpi doping tizimi" mavjudligi haqidagi ma'lumot tasdiqlansa, Rossiya terma jamoasi Olimpiadadan chetlatilishi mumkinligini aytgandi.

Manba: Tribuna.uz

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish