Jamiyat | 14:30 / 19.06.2016
8893
3 daqiqa o‘qiladi

Shumanay tumanida tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy ravishda to‘sqinlik qilganlar aniqlanib, jazoga tortildi 

Shumanay tuman prokuraturasi tomonidan tuman hokimligi hamda nazorat organlarining tadbirkorlikka doir huquqiy hujjatlarini o‘rganish jarayonida qonunga zid bo‘lgan ba'zi holatlar aniqlandi.

Xususan, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari S.Tursinov tadbirkorlik talablariga zid ravishda tuman hududida faoliyat olib borayotgan “A.Karamaddinova” mas'uliyati cheklangan jamiyatini, “B.Mahmudov”, “K.Yusupov”, “T.Bauyenov”, “Iyshan qal'a”, “Shahnoza” va boshqa bir qator fermer xo‘jaliklarini tuman ijtimoiy muhofaza qilish markazi hisobidagi yolg‘iz qariyalarga homiy etib tayinlangan va ularga turli vazifalar yuklangan. Mazkur holat yuzasidan S.Tursinovga nisbatan ma'muriy ish qo‘zg‘atilib, sud tomonidan jazo muqarrarligi ta'minlandi.

Fuqaro A.Abdikairov tuman prokuraturasiga murojaat qilib, uy-ro‘zg‘or anjomlari savdosi bilan shug‘ullanib yurganida tuman DSI xodimlari unga tegishli bo‘lgan mahsulotlarni ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yishgani uchun ularni qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan. Aniqlanishicha, A.Abdikairovga tegishli jami 1 mln.978 ming so‘mlik mahsulotlar uning tegishli tartibda ro‘yxatda o‘tmasdan savdo faoliyatini amalga oshirib yurganligi bois olib qo‘yilgan.

MJTK talablaridan kelib chiqqan holda fuqaro A.Abdikairovning tuman hokimligi huzuridagi “Yagona darcha” markazi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi ta'minlandi va u sud tomonidan moliyaviy jarimadan ozod qilindi. Tuman DSI tomonidan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan mahsulotlar egasiga qaytarildi.

Tumandagi “O.Kokkozov” OFYda yashovchi fuqaro A.Oreyeva esa kollejni 2015 yilda tamomlab, yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, aralash mollar savdosi bilan shug‘ullanish uchun 9 foizli kredit olishga bankka hujjat topshirgan, biroq bank boshqaruvchisi hujjatlarda kamchiliklar mavjudligi bois, unga so‘ralgan foizli mablag‘ni emas, balki 12 foizli kredit ajratmoqchi bo‘lgan. Bundan A.Oreyeva norozi bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasining “Ishonch telefoni” ga murojaat qilgan. Mazkur holat yuzasidan Shumanay tuman prokuraturasi tekshirish ishlari olib bordi. Yakka tartibdagi tadbirkorga 6 mln. 500 ming so‘m miqdorida kredit ajratilishi ta'minlanib, murojaat to‘liq qanoatlantirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish