Janubiy Koreya razvedkasi mamlakatda IShID tomonidan hujum uyushtirilishi ehtimolidan ogohlantirdi
Koreya respublikasi Milliy razvedka agentligi bergan xabarga ko‘ra, IShID terrorchilari amerikaliklarning mamlakat hududidagi bazalarini nishonga olgan. Shuningdek, Koreya fuqarolari ham teraktlar xavfi ostida. Bu haqda Yonhap agentligi xabar tarqatgan.
"Messenjerlar orqali Koreyadagi obektlar hamda koreyaliklar haqida ma'lumotlarga ilova qilinib, terrorizmga chaqiriqlar tarqatilgan", deyiladi razvedka xabarida.
Qayd etilishicha, terrorchilar AQShning Koreya g‘arbida joylashgan Osan va Kunsandagi aviabazalariga oid aniq ma'lumotlarga ega. Maxsus xizmatlar vakillari fikriga ko‘ra, ulardagi xarita ochiq ma'lumotlar asosida tiklangan bo‘lishi ham mumkin.
Xabar qilinishicha, terroristlarda NATO va AQShning butun dunyo bo‘ylab joylashgan 77ta aviabazasi haqida, shuningdek, 21 koreyalik haqida ma'lumot mavjud bo‘lishi mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, koreys razvedkachilari amerikalik hamkasblarini ehtimoliy hujumlardan ogohlantiradi.