Jamiyat | 11:41 / 19.06.2016
5398
2 daqiqa o‘qiladi

Jazoir hukumati imtihon vaqtida ko‘chirishlar oldini olish uchun ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘ydi

Jazoir hukumati maktablardagi bitiruv imtihonlarining savollari va mavzulari tarqalib ketishining oldini olish uchun butun mamlakat bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘ydi. Bu haqida Algerie Presse Service (APS) agentligi xabar berdi. 

«Ijtimoiy tarmoqlarni yopib qo‘yish to‘g‘ridan-to‘g‘ri yakshanba kuni boshlanadigan imtihonlar bilan bog‘liq» - deb ta'kidlanadi agentlik xabarida. 

Iyun oyi boshidan boshlab 800 mingdan ortiq bitiruvchilar imtihon topshirishgan, ammo ularning ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlariga imtihon mavzulari haqidagi xabarlar olishgan. 

Imtihon savollari va mavzularining tarqab ketishi aybi bilan ta'lim sohasidagi o‘nlab ishchilar ushlandi. 7 iyun kuni Ta'lim vazirligi tomonidan esa bitiruv imtihonlarining bir qismini qayta topshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarni yopish faqatgina «fuqarolarni noto‘g‘ri mavzular tarqalishidan» himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan. Internet esa butun mamlakat bo‘ylab ishlashni davom ettirmoqda. Imtihonlar 23 iyunga qadar davom etadi.