Jurnalistlarga Orlandoda yarimavtomatik miltiq sotib olish uchun 38 daqiqa kifoya qildi
Huffington Post nashri jurnalistlari tajriba o‘tkazib, tungi klubdagi otishmadan keyin favqulodda vaziyat amal qilayotgan Orlandoda AR-15 yarimavtomatik miltig‘ini sotib olish uchun qancha vaqt kerak bo‘lishini aniqlashdi.
Aynan shunday miltiq (M16 ning fuqarolik varianti) bilan 29 yoshli Omar Matin tungi klubda 49 kishini otib tashlagan.
Muxbirlar uchun miltiqni sotib olishga 38 daqiqa va 644 dollar kifoya qildi. Qurol do‘koni xodimi shaxsni tekshirish odatda 5 daqiqa talab qilishini, biroq ommaviy otishmalardan keyin doimo xaridorlar faollashishi kuzatilishini aytdi.
Muxbirlar miltiqni sotib olish uchun haydovchilik guvohnomasini taqdim qilishdi va tegishli hujjatlarni imzolashdi. Shaxsni tekshirish bo‘yicha ijobiy natijalarning kelishi biroz vaqt oldi (background check, bunda qurol sotib olayotgan fuqaro jinoiy o‘tmishga tekshiriladi).
Ta'kidlanishicha, miltiq sotib olingandan keyin uni yana do‘konga qaytarish mo‘ljallangandi, biroq do‘kon xodimlari uni qaytib olishmagach, uni yo‘q qilish uchun Orlando politsiyasiga topshirishga qaror qilindi.
Avvalroq senator-demokrat AQSh kongressida qurol sotishni taqiqlash haqida 15 soat tinmay gapirgani ma'lum qilingandi. The New York Times gazetasi AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Tramp qurol olib yurish haqidagi debatlarda reytingini ko‘tarib olishi mumkinligi fikrini bildirdi.
AQSh fuqarolariga qurol olib yurish va saqlashga kafolat beruvchi AQSh konstitutsiyasiga ikkinchi tuzatma otishmalar bilan bog‘liq yirik voqealardan keyin har gal muhokama qilinadi.