Jamiyat | 15:22 / 20.06.2016
5691
4 daqiqa o‘qiladi

9 ming AQSh dollari evaziga “O‘qishga kiritib qo‘yish”ni va'da qilgan firibgar fosh etildi

Jizzax viloyatida tug‘ilgan Hamid Mansurov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham anchadan beri o‘qishga kirish niyatida yurar, ammo hech uddasidan chiqolmasdi. Milliy universitetda a'lo baholarga o‘qiyotgan o‘rtog‘i Samug‘ Norchayev bilan uchrashib qolganida, unga ochiqchasiga havas qilar, “Meniyam o‘qishga kirishimga yordam bersang nima qiladi. Tanish-panishlaring bordir, axir?!” deb iddao qilardi. “Xo‘p” deyishdan boshqa chora topolmagan Samug‘ axiyri tanishlaridan so‘rab-surashtira boshladi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda. 

Ko‘p o‘tmay qishloqqa yo‘li tushgan Samug‘ o‘rtog‘ini topdi-da, o‘qish masalasida so‘rab-surishtirishni boshlaganini, shaharga borishi kerakligini aytib, ikkovlon yo‘lga tushishdi. Poytaxtga kelganidan so‘ng Hamid pochchasining uyiga joylashdi. Orada Samug‘ ishonchli bir odamni topgani, u o‘zi o‘qiydigan universitetda hisobchi bo‘lib ishlashini aytib, suyunchi so‘radi. Keyin esa o‘zining gapi bo‘yicha uni uch-to‘rt kun topa olmadi va nihoyat oradan bir necha kun o‘tib, o‘sha tanishi bilan uchrashtirishni va'da qildi.

Kechki payt Hamid og‘aynisi Samug‘ hamda pochchasi hamrohligida kelishilgan joyga yetib keldi. Ko‘p o‘tmay “hojatbaror”ning mashinasi ham kelib to‘xtadi. Salom-alikdan so‘ng o‘zini Xo‘jayev Qurbon, deb tanishtirgach, ancha joyda tanishlari borligi-yu, deyarli istalgan o‘quv yurtiga kiritib qo‘yish qo‘lidan kelishini aytib, Hamid qayerga kirmoqchi bo‘layotgani bilan qiziqdi. Abituriyentning niyati Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti ekanligini eshitgandan keyin u yerda kattaroq tanishlari borligi, “xizmat haqi” ham shunga yarasha bo‘lishini aytdi. Hamid hamma shartga roziligini bildirgach, 9 ming AQSh dollariga o‘qishga kirita olishini, bu puldan o‘ziga nari borsa 500 dollar qolishini aytib, va'dani katta qildi.

Hamid shu safar qanday bo‘lmasin, o‘qishga kirishga qat'iy ahd qilgan ekanmi, bu gapni eshitgandan keyin Q.Xodjayev boshqarib kelgan mashinaga o‘tirdi-da, boshqalarning guvohligida aytilgan miqdordagi mablag‘ni chiqarib berdi. O‘z navbatida, Q.Xo‘jayev pullarni mashinasida o‘tirgan qiziga berib, sanab olishni buyurdi. Keyin esa Hamidga ertagayoq hujjatlarini topshirishni tayinlab, ular bilan xayrlashdi. Ertasi kuni hujjatlarini topshirgan Hamid unga telefon qilgan edi, imtihon oldidan qo‘ng‘iroq qilish haqida topshiriq oldi.

Imtihon kuni Hamid unga telefon qildi. Qurbon bemalol imtihonga kiraverishni, oldiga bir odam kelib yordam berishini aytib, omad tiladi. Ammo hech kim kelmadi. Imtihon tugagach, Hamid Qurbonga telefon qilib, vaziyati tushuntiragn edi, Qurbon xotirjam bo‘lishni, kerak bo‘lsa, test markazidagi tanishlarini ishga solishini aytib, lof urdi. Biroq vaqti kelib Hamidning o‘qishga kirolmagani ma'lum bo‘ldi. U shosha-pisha Q.Xo‘jayevga qo‘ng‘iroq qildi. Q.Xo‘jayev esa Hamidni yana xotirjam qilib, boshqa yo‘l bilan kiritish mumkinligini haqida og‘iz ko‘pirtirdi.

Hamid unga ishondi. Ammo natija bo‘lmadi. Hamid telefon qilishdan, Qurbon esa va'da berishdan charchamadi. Oxiri Hamidning toqati qolmadi va tegishli organlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Sud tomonidan firibgarga hamda jinoyat sodir etilishiga sharoit yaratgan kimsaga tegishli jazo tayinladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish