Jamiyat | 18:34 / 20.06.2016
14920
11 daqiqa o‘qiladi

Bankdan pul o‘g‘irlagan bank xodimasi uyatga qoldi

Oramizda shunday insonlar ham borki nafsini tiya olmay, keyin yuzlari shuvut bo‘lib, kasbdoshlari oldida boshi egilib qolganini bilmay qolishadi. Shohista (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘n yildan buyon nufuzli banklardan birida Amaliyot boshqarmasi kassa amaliyotlari bo‘limida kassir bo‘lib, binoyidek ishlab kelayotgandi. U o‘zining xushmuomilaligi, shirinsuxanligi, ko‘ngli ochiqligi, fidoyiligi bilan hamkasblari orasida o‘rnak edi. 

Kunlarning birida rahbariyat uning shuncha yildan buyon ishlab kelayotgan mehnatini qadrlab, bankning kassa amaliyotlari bo‘limi katta kassiri lavozimiga o‘tqazishdi. U bundan ruhlanib, yanada o‘z ishini sidqidildan bajarishga kirishdi. Ammo endi uning o‘y xayolini qanday qilib bo‘lsada ko‘proq pul topish va tezroq boyish, o‘rtoqlari oldiga tilla taqinchoqlarga burkanib borish hissi egallab olgandi.
Shohista uyiga borgach, o‘zicha har xil rejalar tuzib ko‘rdi. Ammo birortasi o‘ziga ma'qul kelmadi. Keyin u bir to‘xtamga keldi. Endi qulay fursatni kutib, bankdan hech kimga sezdirmasdan pul o‘g‘irlashni mo‘ljalladi. Shundagina uning barcha orzu istaklari ro‘yobga chiqishini o‘yladi.

Bu rejani amalga oshirish uchun unga qulay fursat kerak edi. Kunlarning birida Shohista har doimgidek o‘z ishlarini tugatib, hamkasbi Feruzabonuga yordamlashish uchun uning xonasiga bordi. Hamkasbi esa o‘sha kuni  valyuta kassasining kassiri Muharramdan qoldiq pullarni hisob-kitob qilib, qabul qilib oldi. AQSh dollari ko‘rinishidagi chet el valyutalarini chet el valyutalari saqlanadigan maxsus aravacha eshigini o‘ziga biriktirilgan plombiratori bilan muhrladi. So‘ngra bu aravachani g‘aznaning old xonasiga olib kirib qo‘ydi. Eshikni kodli qulf bilan qulfladi. O‘zining xonasiga tezda qaytishini o‘ylab, xona eshigini kalit bilan berkitmasdan u yerdan chiqib ketdi. 

Xuddi shu qulay damlarni kutib yurgan Shohista u yoq bu yoqqa alanglaganicha u yerga kirib keldi. Chunki ish kunining bu paytida Feruzabonu buxgalter bilan birga kunlik qoldiq pullarni taqqoslash dalolatnomasi tuzishini, buning uchun esa kamida 15-20 daqiqa vaqt ketishini bilardi. U ushbu fursatdan foydalanib, maxfiy kodli eshikning kodini bilganligi uchun uni hech kimga bildirmasdan sekingina ochdi va bank pul saqlash omborxonasiga kirib eshikni yopdi. Omborxonada bo‘lgan, pul tashish uchun  mo‘ljallangan temir quti eshigining tamg‘asini buzib, plombasini o‘sha yerdagi qaychi bilan kesib,  u yerdan 10 pachkadan iborat bo‘lgan  100.000 AQSh dollarini oldi. So‘ngra  dollar saqlanayotgan aravachaning eshigini yopib, yana plombirator yordamida aravachaning eshigini qayta tamg‘alashga kirishdi. O‘margan AQSh dollarlarini esa tezda xalatining orasiga solib, go‘yoki hech narsa qilmagandek bamaylixotir u yerdan chiqib ketdi. Eshikdan chiqqach, yana u yoq bu yoqqa alangladi. Yo‘lakda hech kim ko‘rinmasdi. Shohista o‘zi ishlaydigan kassa yoniga borib, biroz o‘tirdi. Ish vaqti tugashini intizorlik bilan kutdi. Yuragi dupurlab ura boshladi. 

Xayriyat u kutgan daqiqalar ham yetib keldi. AQSh dollarlarini kurtkasining ichidagi cho‘ntaklariga yashirdi. So‘ngra hamkasblari bilan xayrlashib, bankning binosidan chiqdi. 

Uning yuragi yana tez-tez ura boshladi. Go‘yoki biroz ko‘chada tursa, uni bankdagilar ortidan kelib, ushlab oladigandek tuyuldi. Shuning uchun u shosha-pisha ukasi Dadamuhammadga qo‘ng‘iroq qildi. Ukasi go‘shakni ko‘targan edi Shohista unga tezroq ko‘chaga chiqib turishini, faqat uni kutib olish uchun chiqqanligini hech kim bilmasligini tayinladi.

Keyin u darhol bir taksi to‘xtatdi-da haydovchi bilan savdolashmasdan mashinaga o‘tirib olib, boradigan manzilini aytdi. Haydovchiga shoshilib turganligini, shuning uchun mashinasini tezroq haydashini iltimos ham qildi. 

Opasining nimadandir bezovta ekanligini sezgan Dadamuhammad oila a'zolariga bir so‘z demasdan indamaygina uydan ko‘chaga chiqib ketdi.
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach, bir taksi kelib uning yoniga to‘xtadi. Mashinadan opasi Shohista tushdi. U darhol kurtkasining cho‘ntagidan AQSh dollarlarini olib, uning ichidan o‘ziga 300 AQSh dollari olib qoldi. Qolgan pullarni Dadamuhammadga berib tayinladi: “Paketdagi pullar hozircha senda turib tursin. Zarur bo‘lib qolganida olib ishlataman. Bu haqda hech kimga og‘iz ocha ko‘rma. Bu ikkalamiz o‘rtasida sir bo‘lib qolsin. Omonatimga xiyonat qilmaysan, degan umiddaman”.

Hech narsadan xabari bo‘lmagan Davlat opasiga “Xo‘p bo‘ladi, opajon. Menga ishonsangiz bo‘ladi. Bu haqda hech kimga churq etmayman. Faqat, pullaringizni saqlab berganim uchun menga mukofotini berarsiz”, deya pullarni uning qo‘llaridan oldi.

Shohista esa u bilan xayrlashib, markazdagi dorixonaga qarab ketdi. Dorixonaga kirib, o‘ziga va farzandlariga zarur bo‘lgan dori-darmonlarni sotib olib uyiga bordi.

O‘sha kuni hech narsadan xabari yo‘q Feruzabonu barcha kassirlardan pullarni qabul qilib oldi. Keyin esa har doimgidek pullarni omborxonaning ichki xonasiga kiritish uchun bosh hisobchi va boshqaruvchiga kassadagi pullar tayyor ekanligi haqida xabar berdi. 

Birozdan so‘ng omborxonaga bosh hisobchi yetib kelib, qoldiq pullarni sanab, o‘zidagi balans bilan solishtirdi. Afsuski  Muharram  Itolmasovaning aravachasida bo‘lishi lozim bo‘lgan pullardan 100.000 AQSh dollari kamligi ma'lum bo‘lib qoldi. Bosh hisobchi darhol bu haqda boshqaruvchiga xabar qildi.

Tezda bank boshqaruvchisi ham omborxonaga kelib, pullarni qaytadan sanashga kirishdi. 100.000 AQSh dollarini xuddi yer yutib ketgandek yo‘q edi.
Ular o‘ylanib qolishdi. Keyin esa o‘sha yerda ishlaydigan barcha kassirlarni chaqirtirishib, birma-bir gaplashishdi. Afsuski bundan biron-bir natija chiqmadi. So‘ngra ular birgalashib, barcha kuzatuv kameralarini ko‘rib chiqishga shoshilishdi.

Ana shunda o‘sha yerda ishlaydigan Shohista ikki-uch marotaba yolg‘iz o‘zi atrofga alanglaganicha omborxonaga kirib chiqqanini ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi.
Bu paytda ish vaqti tugab bo‘lgan, barcha xodimlar uy-uyiga ketishgan edi. Bank boshqaruvchisi bu ishni shu bugunning o‘zidayoq hal qilishga oshiqdi. Shuning uchun o‘sha kuni kech bo‘lsada soat 23.00larda boshqaruvchi Feruzabonuga aytib, Shohistaga qo‘ng‘iroq qildirdi. Undan tezda qanday qilib bo‘lsada ishxonaga yetib kelishini, zarur ish chiqib qolganini ayttirdi.

Shohista bamaylixotir bankka taksida yetib keldi.

Bank boshqaruvchisi gapni cho‘zib o‘tirmasdan darhol maqsadga o‘tdi. Undan omborxonada shu bugun g‘oyib bo‘lgan AQSh dollarlarini olgan yoki olmaganligini yoki birortada gumoni bo‘lsa aytishini  so‘radi. 

“Necha yildan buyon shu dargohda ishlab kelaman. Hech qachon kasbimga xiyonat qilmaganman. O‘z ishimni yaxshi ko‘raman. Shuning ortidan farzandlarimni boqayapman. Men hech qanday pul olmaganman. Birorta odamni ham omborxonaga kirganini ko‘rganim yo‘q” deb o‘z so‘zlarida qat'iy turib oldi Shohista.

Bank boshqaruvchisining boshi qotdi. Qo‘li bilan ushlamasdan turib birovga tuhmat qilish ham gunoh edi. Shuning uchun o‘sha kuni bank xodimlarining barchasi pulni qidirish bilan ovora bo‘lishdi. Shohistani esa taksiga o‘tqizib yuborishdi.

Ertasi kuni bu haqda bank boshqaruvchisi o‘z ishining ustasi bo‘lgan IIB xodimlariga xabar berdi. Chunki shundan boshqa iloji ham qolmagandi.

IIB xodimlari darhol bankka yetib kelishib, surishtiruv ishlarini boshlab yuborishdi. “Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin” deganlaridek, o‘z ishining mohir tergovchilari bir pasda ishchi xodimlarni so‘roqqa tutishib, gumondor shaxsni aniqlashga erishdi. Ularning nazarida bu gumondor Shohista edi. 
Avvaliga Shohista IIB xodimlarini chalg‘itishga urindi. Ammo sinchkov, tajribali xodimlar uning gap-so‘zlaridan yo‘qolgan AQSh dollarlarini aniq shu ayol olganlinini isbotlab berishdi. 

Shundan so‘nggina ayol ko‘zlari yoshlanib, haqiqatdan ham bu ishni ko‘zi ochligidan, nafsi buzuqligidan, noilojligidan qilganligini tan oldi. Ukasi Dadamuhammadga qo‘ng‘iroq qilib, kecha omonatga bergan pullarini olib kelib berishini so‘radi.

Birozdan so‘ng Dadamuhammad opasining omonatini bankka qaytardi.

Afsuski Shohistani deb hamkasbi Feruzabonu ham jazolanadigan bo‘ldi.

Sud Feruzabonu Zabriddinovga o‘z mansabiga sovuqqonlik bilan qaraganligi, ya'ni mansabdor shaxsni o‘z vazifalariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lish oqibatida ularni lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlari, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar, jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lganligi uchun aybdor deb topib eng kam oylik ish haqining 25 baravari  miqdorida, 2.960.000 so‘m jarima jazosi tayinladi.

Sud Shohista Abduxolisovani esa qilgan aybi uchun 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. 

So‘ngra Shohista Abduxolisovaga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi.
Xalqimizda “Mening nafsim balodur, o‘tdan cho‘qqa solodur” degan naql bor. Afsuski nafs balosi Shohistani shunday kuyga solib boshini egib qo‘ydi.

Xonbibi HIMMAT qizi.