Voleybol bo‘yicha Oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida “Kamolot” oltin to‘pi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 17-21 iyun kunlari Farg‘ona shahrida oliy ta'lim muassasalari talaba-qizlari o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Kamolot” oltin to‘pi” respublika musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 fevraldagi PQ-2487-son Qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi hamda O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Vasiylik Kengashining 2015 yil 10 dekabrdagi 65-sonli majlis bayoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq tashkil etildi.
“Kamolot” oltin to‘pi” voleybol musobaqasi O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi,
O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamkorligida 2015 yildan boshlab o‘tkazib kelinadi.
Musobaqaning asosiy maqsadi — yoshlarning jismoniy rivojlanishini takomillashtirish, talaba-qizlarning sportning voleybol turiga qiziqishini oshirish, ularni jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga doimiy jalb qilish va ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdan iborat.
“Kamolot” oltin to‘pi” musobaqasi respublikamizdagi oliy ta'lim muassasalarida quyidagi 5ta bosqichda o‘tkazildi:
-1-bosqich fakultetlararo 15-30 aprel kunlari;
-2-bosqich tuman (shahar) bosqichi may oyining 30-sanasigacha;
-3-bosqich hududiy bosqich iyun oyining 10-sanasigacha;
-4-bosqich hududlararo mintaqaviy bosqich iyun oyining 15-sanasigacha;
-5-bosqich respublika bosqichi 17-21 iyun kunlari Farg‘ona viloyatida o‘tkazildi.
“Kamolot” oltin to‘pi” musobaqalarining 1-bosqichida 64ta oliy ta'lim muassasalarining 3700dan ortiq talaba-qizlari ishtirok etdi
Musobaqaning Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan Respublika bosqichida hududlararo mintaqaviy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan Toshkent davlat agrar, Guliston va Farg‘ona davlat universitetlari hamda Nukus davlat pedagogika, Qarshi muhandislik iqtisodiyot, Navoiy davlat pedagogika institutlarining jamoalari ishtirok etishdi.
Musobaqa g‘oliblariga tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliq va estalik sovg‘alar berildi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar uchun madaniy-ma'rifiy tadbirlar, konsert dasturlari hamda Farg‘ona viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.