16:24 / 20.06.2016
5778

O‘zbekistonda 23-24 iyun kunlari vizasi muhlati tugagan xorijliklar jarimaga tortilmaydi

23-24 iyun kunlari kirish vizalarida qayd etilgan O‘zbekiston hududida bo‘lish muddati tugagan chet el fuqarolariga nisbatan jarima belgilanmaydi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qilgan.

"Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston aeroportlaridan xalqaro aviareyslarning kelish va ketish vaqtlaridagi ehtimoliy o‘zgarishlar hamda qo‘shni davlatlar bilan chegaralardagi ayrim o‘tish joylarida vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatiladi. Shu munosabat bilan 2016 yilning 23-24 iyun kunlari chet el fuqarolarining kirish vizalarida qayd etilgan O‘zbekiston hududida bo‘lish muddatlari ularga bog‘liq bo‘lmagan holda tugaganda ularga nisbatan O‘zbekistonning tegishli organlari tomonidan jarima yoki boshqa choralar qo‘llanilmaydi", deyilgan xabarda.

Bundan oldinroq, «Toshkent» xalqaro aeroporti 24 iyun kuni soat 13:00 dan 18:00 ga qadar yopiq bo‘lishi xabar qilingan edi.

Top