Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zika virusi Olimpiada o‘yinlariga xavf solmoqdami?
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti zika virusining tarqalishi yuzasidan bayonot berdi. Tarqatilgan xabarlarga qaraganda, Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlaridan keyin jahon bo‘ylab zika virusining keng tarqalishiga ishonish qiyin. Seshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi yig‘ilish o‘tkazdi. Unda zika virusining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat va jamoat sog‘liqni saqlashga tahdidi muhokama qilindi. Ekspertlar Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlari vaqtida odamlarning ommaviy to‘planishi munosabati bilan zika virusining tarqalishiga e'tibor qaratishdi. Biroq Braziliya hukumati ko‘rayotgan chora-tadbirlar e'tiborga olingan holda zika virusining jahon bo‘ylab tarqalishi ehtimoldan uzoq ekanligi tan olindi. Xalqaro Olimpiada qo‘mitasi rahbari Tomas Bax Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti va 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlari tashkilotchilari bilan muntazam ravishda muloqotda ekanligini ma'lum qildi.
Epidemiologlarning so‘zlariga qaraganda, Olimpiada davomida 15 nafargacha xorijlik zika virusiga chalinishi mumkin ekan. Chunki epidemiya dunyoning boshqa qit'asiga tarqala olmaydi. Ma'lumki, yaqinda bir guruh shifokor va epidemiologlar Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga murojaat qilib, 2016 yilgi olimpiada o‘yinlari bekor qilinishi yoki boshqa joyga ko‘chirilishi kerak, degan taklifni o‘rtaga tashlashgan edi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori nomiga yozilgan murojaatga 150dan ortiq mutaxassis imzo chekdi. Murojaat nusxasi esa Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga yuborildi. Biroq tashkilot nufuzli olimlarning taklifini keskin rad qildi. Chunki tashkilotchilar belgilangan muddatda virusning tarqalishini oldini olish maqsadida jiddiy chora-tadbirlarni ko‘rishga va'da berishgan. Braziliya hukumati esa olimpiada o‘yinlari davrida Zikaning yuqishi deyarli mumkin emasligi yuzasidan bayonot berdi. Braziliya sport vaziri Leonardo Pichchiani olimpiada vaqtida virusga chalinish deyarli “nol”ga teng ekaninini ta'kidladi. “Virus ustidan zafar quchilmadi. Biroq bu degani o‘yinlarni bekor qilishni anglatmaydi. Biz virusni bartaraf etish yo‘lida qo‘ldan kelgan ishlarni qilamiz”, deyiladi Braziliya hukumati bergan bayonotda. Hukumat rasmiylarining so‘zlariga qaraganda zika virusi bilan bog‘liq epidemiya olimpiada o‘yinlarining bekor qilinishiga asos bo‘lmaydi. Braziliya rasmiylari olimpiada o‘yinlari vaqtida Rio-de-Janeyroga homilador ayollar imkon qadar kelmasligi lozimligini ta'kidladi.
Braziliyadagi San-Paulu universiteti olimi Eduardo Massad (Eduardo Massad) va uning hammaslaklarining fikricha, agar Braziliyaga 500 ming sportchi va sayyoh tashrif buyuradigan bo‘lsa, 15 nafar xorijlik virusga chalinishi mumkin. Ehtiyot choralari ko‘rilgan taqdirda 5 nafar chet ellik virusni yuqtirishi mumkin.
Amerikaning Kasalliklar ustidan nazorat va taraqalishidan ogohlantirish markazi olimlari ham deyarli shu kabi fikrni aytishdi. Ularning fikricha, zika virusiga Braziliyaga tashrif buyurgan sayyohlarning kam sonli qismi chalinishi mumkin. Ya'ni virusga chalinganlarning atigi 0,25 foizini chet elliklar tashkil qiladi. Shu sababli ham Olimpadani bekor qilish yoki boshqa joyga ko‘chirish zika virusining keng tarqalishini oldini olishga deyarli ta'sir ko‘rsatmaydi.
Shuni eslatib o‘tish kerakki, fevral oyi so‘nggida Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Margaret Chen bayonot berib, zika virusining keng tarqalishiga qarshi kurash uzoq davom etishidan va ancha murakkab bo‘lishidan ogohlantirgan edi. Shu bilan birga u “qiyinchiliklarga qaramay Braziliya Olimpiadani o‘tkazishga qudrat topadi”, dedi. Margaret Chan Braziliyaga keluvchi mehmon va sportchilarni virusdan himoya qilish maqsadida barcha choralar ishga solinishi kerakligini eslatib o‘tdi va Braziliya buning uddasidan chiqadi, dedi.
Isitma va bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaruvchi mazkur infeksiya ayni damda dunyoning 50dan ortiq mamlakatida qayd qilingan. Zika virusi minglab bolalarning rivojlanmay qolgan miya bilan tug‘ilishlariga sabab bo‘lmoqda. Ba'zi davlatlarda ayollarga homiladan saqlanish tavsiya qilindi.
Virus ilk bor 1947 yili Afrikaning Uganda mamlakatida paydo bo‘lgan, lekin 2015 yil aprelida ilk marta Braziliyada qayd qilingan. Tabiiy immunitetning bo‘lmasligi virusning tez tarqalishiga sabab bo‘lishi aytiladi. Zika virusi Edes (Aedes Aegypti) chivinining chaqishi bilan yuqadi. Janubiy Amerikadagi ilk Olimpiada o‘yinlari Rio-de-Janeyro shahrida 5-21 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Sharofiddin To‘laganov