O‘zbekiston | 14:24 / 21.06.2016
25935
2 daqiqa o‘qiladi

Angren-Pop yo‘nalishi iyul oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini 2016 yilning iyulida foydalanishga topshirishni rejalashtirgan.

Sinxua agentligi xabariga ko‘ra, bu liniya Xitoy-Markaziy Osiyo-Yevropa yangi xalqaro tranzit koridorida muhim qism bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston temir yullari» AJ 2013 yilning iyul oyida «Angren-Pop» elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini qurishga kirishgandi.

Umumiy uzunligi 123 km bo‘lgan temir yo‘lning asosiy qismi – 104 km yo‘l qurilishi ishlari 2015 yilning avgustida yakunlangan edi.

27 may kuni Angren-Pop yo‘nalishidan birinchi tajribaviy poyezd o‘tdi.

Yo‘l «Qamchiq» dovoni orqali o‘tadi va O‘zbeksiston poytaxti Toshkent shahri hamda boshqa viloyatlarni Farg‘ona vodiysi (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari) bilan bog‘laydi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» 2013 yilning yozida China Railway Tunnel Group kompaniyasi bilan shartnoma tuzgandi. Shartnomaning umumiy qiymati 455 million dollarni tashkil qildi. Shartnomaga ko‘ra, xitoyliklar uzunligi 19,2 km bo‘lgan tunnel va favqulodda holatlarda kerak bo‘ladigan alohida yer osti yo‘lagi qurib bitkazishi ko‘zda tutilgandi. 

Loyihaning moliyalashtirilishi doirasida xalqaro moliya institutlari hamda O‘zbekiston tomonidan jami 1,2 mlrd dollar mablag‘ kredit ajratilgan.

«Qamchiq» dovoni dengiz sathidan 2,2ming metr balandlikda joylashgan. Dovon orqali O‘zbekistonni Farg‘ona vodiysi bilan ulaydigan yagona avtomobil yo‘li joylashgan. Qish fasli vaqtida yog‘ingarchilik kuchayganda dovon orqali qatnov ancha mushkullashadi. Yangi temir yo‘l aloqasi ushbu muammoning muvaffaqiyatli yechimi bo‘lishi kutilmoqda.