Avtobus saroyi orqasidan davlat byudjyetiga "chang solgan" rais jinoiy javobgarlikka tortildi
Normurod Azamatov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2008 yilda “Toshavtobustrans” AKning “4-avtobus saroyi” OAJ boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlanadi. Ma'suliyatli lavozimni egallagan N.Azamatov zimmasiga davlat ishtirokidagi tashkilot hisoblangan jamiyatning to‘liq moliyaviy va iqtisodiy ahvoli uchun moddiy javobgarlik yuklanadi. Boshqaruv raisi esa bunday majburiyatni bajarish o‘rniga mansab vakolatlaridan g‘arazli manfaatlari yo‘lida foydalanib, jamiyat mablag‘larini o‘zlashtirishga kirishib ketdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
U bu yo‘lda naqdlashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun qisqa muddatga tashkil etilgan tashkilotlar bilan “hamkorlik”ni yo‘lga qo‘yib, bir qator shunday MChJlar bilan soxta shartnomalar imzolaydi. Shu yo‘l bilan ularning hisob raqamlariga 657 mln.747 ming so‘m pul mablag‘larini o‘tkazib, go‘yo tovar-moddiy boyliklari olganligi haqida soxta hujjatlar tayyorlaydi va tovarsiz operatsiyalarni amalga oshirish orqali mo‘may daromadni kissasiga uradi.
N.Azamatov avtobus saroyining hisob raqamidagi pullarni o‘zinikiga aylantirib olish borasidagi harakatlarni davom ettirib, bu safar sal o‘zgacharoq nayrangni ishga soldi. U endi jamiyatga ehtiyot qismlar harid qilish uchun tender tanlovlari o‘tkazilishi va bozor narxlari o‘rganilishini ta'minlamay shartnomalar tuzilishiga yo‘l qo‘yadi. Bundan asosiy maqsad tovar-moddiy boyliklarni haqiqiy bahosiga nisbatan qimmat narxlarda sotib olib, qolgan mablag‘larni hamtovoqlari bilan birga “hazm qilib yuborish”edi. Ularning bu harakatlari besamar ketmay avtosaroyning 155 mln.so‘mlikdan ziyodroq mablag‘i talon-taroj qilinadi.
Shuningdek, boshqaruv raisi va boshqalarning “sa'y-harakatlari” bilan haqiqatda bajarilmagan reyslar sonini oshirib ko‘rsatilishi natijasida qatnovlarga 4 mln.so‘mga yaqin mablag‘ asosiy xarajat qilinib, davlat byudjyetiga zarar yetkaziladi.
Avtobus saroyiga rahbar etib tayinlangach, jamiyatning faoliyatini yanada rivojlantirish o‘rniga tashkilot byudjyetiga chang solgan Normurod Azamatov noqonuniy xatti-harakatlari uchun qonun odida javob berdi.