Dubayda mish-mishlarni tekshirish uchun WhatsApp raqami paydo bo‘ldi
Endi Dubayda yashovchi har bir odam WhatsApp messenjerida +971 50 10 777 99 raqamiga xabar yozib, mish-mishlarning rost-yolg‘onligini aniqlay oladi. Ushbu xizmatni Dubay munitsipaliteti ijtimoiy tarmoqlarda turli mish-mishlarning tarqalishiga javoban taklif qilmoqda.
"Mish-mishlar" tovushli, matnli yoki video-xabarlar ko‘rinishida qabul qilinadi. Munitsipalitet xodimlari axborotni tekshirib, 8 soat ichida javob taqdim qilishadi. "Shampunlar va ularning sochlarga yetkazadigan ziyoni, pardoz vositalarining allergiya berishi hamda restoranlardagi antisanitariya va mahsulotlarda kanserogenlarning saqlanishi haqida ko‘p mish-mish tarqaydi", deb ma'lum qildi Dubay munitsipalitetining Shikoyatlar va murojaatlar seksiyasi va aloqa markazi rahbari Muhammad Ahmad al-Luz.
WhatsApp dasturidan foydalanmaydiganlar esa mish-mishlarning rostligini munitsipalitetning ijtimoiy tarmoqdagi, xususan Facebook’dagi sahifasida tekshira oladilar.