Dushanbeda «Ashan» gipermarketi ochildi
Bugun, 21 iyun kuni kunning ikkinchi yarmida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, mamlakat poytaxti Dushanbe shahrida «Ashan» gipermarketini rasman ochib beradi. U, Tojikiston telemarkazi hududida, Behzod ko‘chasida barpo etilgan.
AR agentligi xabar qilganidek, Dushanbeda «Ashan» savdo belgisi ostidagi birinchi (chegirmali) gipermarket Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magi yordamida ochiladi.
Mazkur savdo markazini yurituvchi «Shiver-Tojikiston» kompaniyasi bosh direktori Frederik Lobbening so‘zlariga ko‘ra, «mamlakatda zamonaviy chakana savdoni joriy qilish Tojikiston uchun o‘ziga xos inqilob hisoblanadi hamda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga hissa qo‘shadi».
«Ashan» gipermarketi barcha uchun ommabop savdo markazi bo‘lishi bilan birga aholiga sifatli mahsulotlarni arzon narxlarda yetkazib berishi kutilayapti.