O‘zbekiston | 11:10 / 21.06.2016
7704
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ShHT sammitini yoritishda ikki yuzga yaqin xorijlik jurnalist qatnashadi

Toshkent shahrida 23-24 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. ShHTga O‘zbekiston Respublikasining raisligi doirasida sammit oldidan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. 

ShHT sammitini yoritishda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Hindiston, Pokiston, Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlar ommaviy axborot vositalaridan 200ga yaqin vakil, O‘zbekistondan qariyb 200 nafar jurnalist qatnashadi. Bu haqda UzA xabar qilgan.

Sammit doirasidagi tadbirlarni keng, sifatli va tezkor yoritish uchun “O‘zekspomarkaz”da barcha qulayliklarga ega xalqaro matbuot markazi tashkil etildi. Sammit kunlari jurnalistlar ish olib boradigan ushbu markaz eng yuksak talablarga javob beradigan zamonaviy texnika – elektron namoyish stendlari, kompyuterlar, printerlar va boshqa ko‘p funksiyali qurilmalar, telefon bilan jihozlangan, yuqori tezlikdagi Wi-Fi va simli tizimlar orqali Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.

Sammitda davlat rahbarlari ShHT doirasida ko‘p rejali va o‘zaro samarali hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilib, dolzard mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha fikr almashadi.

Davlat rahbarlari uchrashuvlarining asosiy yakuniy hujjati sifatida ShHTning o‘n besh yillik deklaratsiyasi qabul qilinadi. Unda tashkilotning o‘n besh yillik faoliyatiga baho berilib, a'zo davlatlarning ShHTni rivojlantirish uchun ilgari surgan nuqtai nazarlari, shuningdek, joriy xalqaro va mintaqaviy vaziyatlarga nisbatan pozitsiyalari o‘rin oladi.

Davlat rahbarlari 2016-2020 yillarda 2025 yilga qadar ShHTni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Harakat rejasi hamda ShHTni rivojlantirish va a'zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan boshqa hujjatlarni ham imzolaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish