Texnologiya | 09:34 / 22.06.2016
3670
2 daqiqa o‘qiladi

Mark Tsukerberg qanday kiber xavfsizlik choralarini ko‘radi?

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg kiberhududda o‘z xavfsizligini ta'minlashning antiqa, ammo sodda usulini topgan, deb yozmoqda Gizmodo internet nashri. U, noutbugining veb-kamerasi va mikrofoniga skotch yopishtirib qo‘yadi. 

Nashr, Tsukerbergning Instagramda e'lon qilgan suratiga e'tibor qaratgan.  Markning ushbu ijtimoiy tarmoqdagi obunachilari soni 500 mln kishiga yetgan. 

Suratda Tsukerberg o‘z ish stoli yonida aks etgan. Nashrning qayd etishicha, uning o‘zini bunday ehtiyotkorona tutishini to‘g‘ri tushinish mumkin. Axir, bugungi kunda xakerlarning hujumidan saqlanish uchun har qanday chora ham o‘zini oqlaydi, ayniqsa bu dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan shaxslaridan biri bo‘lsa. 

O‘tgan yil oxirida ESET kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijasida ma'lum bo‘lishicha, internet-foydalanuvchilarning yarmidan ko‘pi veb-kameralari buzilishidan qo‘rqishadi. 

Buning oldini olish maqsadida, foydalanuvchilarning 17 foizi noutbuklaridagi veb-kameralarini plastir yoki izolenta bilan to‘sib qo‘yishlarini ma'lum qilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish