16:07 / 22.06.2016
6983

Pokistonda qor qoplonlari soni bir necha barobar kamaydi

Pokistonda qor qoplonlarining populyatsiyasi 200tagacha pasaydi. Bu haqida Pokiston atrof-muhit vazirligida xabar berishdi. 

Bir necha yillar ilgari mamlakatda 400tadan 600tagacha qor qoplonlari bo‘lgan, ular irbislar yoki qor leopardlari nomi bilan ham mashhur. So‘nggi hisob-kitoblar populyatsiyaning bir necha marotaba pasayganini ko‘rsatdi. Qoplonlar sonini aniqlash uchun mushuklar najaslarining DNK-tahlilidan foydalanilgan. 

"Qor qoplonlari tog‘ning yuqori qismlarida - 4-6 ming metr balandlikda yashashadi. Ular 12ta mamlakatda qayd qilingan, shu jumladan Pokiston, Afg‘oniston, Nepal, Butan, Xitoy va Rossiyada. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda butun dunyoda 6 ming qor qoploni mavjud", - deydi vazirlikning bosh inspektori Sayyod Mahmud Nosir. 

U populyatsiyaning qisqarish sabablariga izoh bermadi, ammo irbislar Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida harakatlanib, katta masofalarga tez-tez migratsiya qilishini ta'kidladi. Bundan tashqari u qor qoplonlarini ov qilish man etilgan bo‘lsa-da, ularning hanuz o‘ldirilayotganini ma'lum qildi. Bu irbislarning xo‘jalikdagi mollarga hujum qilishi bilan bog‘liqdir. Pokiston hukumati fermerlarni mollarning o‘lim darajasini kamaytirish uchun kasalliklarga qarshi emlashga chorlamoqda.

Atrof-muhit vazirligi vakilining ma'lumotiga ko‘ra, Global ekologiya fondi Pokistonga 4,6 million dollar grant ajratgan, bu pullar qor qoplonlarining yashash sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Top