Savchenko Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish taklifini ilgari surdi
Ukraina Oliy radasi deputati Nadejda Savchenkoning bayonot berishicha, Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinishi lozim. U, Deutsche Welle telekanaliga bergan intervyusida shu haqda so‘z yuritgan.
«Men ham sanksiyalardan Rossiya va Yevropadagi oddiy odamlar aziyat chekayotganidan o‘zimni noqulay his qilmoqdaman. Fikrimcha, sanksiyalar alohida shaxslarga qaratilishi kerak. Iqtisodiy jazo choralarini vaqti kelib asta-sekinlik bilan bekor qilishar», — degan Savchenko.
21 iyun kuni YeI mamlakatlari vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyalar muddatini uzaytirishga kelishib olishgan edi. Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker, jazo choralari bilan bog‘liq masala hal etilganini ta'kidlab, yarim yil davomida u birmuncha yumshatilishi mumkinligini aytgan edi.
Qayd etish joizki, YeIning Vengriya, Kipr, Gretsiya, Italiya va Slovakiya kabi a'zolari sanksiyalarning bekor qilinishi tarafdori hisoblanadi.