O‘zbekiston | 20:55 / 23.06.2016
11695
2 daqiqa o‘qiladi

Baxtiyor Hakimov: Eronning ShHTga qo‘shilishi bo‘yicha kelishuv yo‘q, biroq jarayon ketmoqda

Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari (O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) hozircha Eronning tashkilotga qo‘shilishi muddatlari bo‘yicha kelishuvga kelmadilar, biroq bunga qat'iy to‘siqlar yo‘q. Bu haqda Rossiya prezidentining ShHTdagi maxsus vakili Baxtiyor Hakimov ShHT sammiti maydonlarida aytib o‘tdi.

Uning aytishicha, Ufadagi avvalgi sammitda tashkilotga kirish uchun 2008 yildayoq ariza topshirgan Eronning nomzodi ko‘rilmagan edi, chunki o‘shanda mamlakat hali BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan. Bugungi kunda bu cheklovlar bekor qilinib, "Rossiya Eronning ShHTga qabul qilinishi jarayonini cho‘zib o‘tirmasdan boshlash foydasiga" fikr bildirmoqda. 

"Bu gal hamkasblar bilan kelishishga muvaffaq bo‘linmadi, biroq ish ketmoqda", deb aytdi Hakimov va ShHTning barcha qarorlari konsensus bilan qabul qilinishini eslatib o‘tdi. "Printsipial jihatdan qarshiliklar yo‘q, biroq bu jarayonni qachon boshlash bo‘yicha texnik muammo mavjud", deb qo‘shimcha qildi Hakimov. U ShHTning u yoki bu  ishtirokchilari tomonidan qanday e'tirozlar haqida gap ketayotganini oshkor qilmadi, biroq barcha olti davlatda Eronning a'zolikka qabul qilinishi bo‘yicha qarshiliklar oxir-oqibat bartaraf etilishi bo‘yicha tushuncha borligini ta'kidlab o‘tdi. 

ShHTning ishida 6 ta kuzatuvchi davlat: Mo‘g‘uliston, Hindiston, Eron, Pokiston, Afg‘oniston va Belarus va muloqot bo‘yicha 6 ta hamkor: Shri-Lanka, Turkiya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Kamboja va Nepal ham ishtirok etib keladi.