09:00 / 23.06.2016
8356

Erdo‘g‘an vakili: urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchun uzr so‘rash yoki tovon to‘lash muhokama qilinmaydi

Turkiya prezidentining rasmiy vakili Ibrohim Qalin Turkiya harbiy-havo kuchlari tomonidan Rossiyaning Su-24 samolyoti urib tushirilishi uchun uzr so‘ralishi yoki tovon to‘lanishi mumkinligini istesno qildi. U bu haqda HaberTurk telekanali efirida aytdi. 

"Uzr so‘rash yoki tovon to‘lash masalasi muhokama qilinmaydi. Bundan tashqari, biz bo‘lib o‘tgan voqeadan qayg‘udaligimizni aytganmiz. Bizning fikrimiz boshidan ravshan bo‘lgan. Ha, bizning havo hududimizni buzgan samolyot urib tushirilgan", deb aytdi Qalin.

"Bu biz uchun juda qayg‘uli voqeadir, biroq yechim yo‘llarini izlash kerak. Bu borada fikrimizda hech qanday o‘zgarish yo‘q", deb davom ettirdi Qalin va "hozircha barchasi ertaga iziga tushib ketishi haqida aytishga ertalik qilishini" ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, Rossiya bilan ijobiy aloqalar o‘rnatishga umid bor, "biroq bungacha hali ko‘p ish qilish kerak bo‘ladi".

Qalin, shuningdek, Erdo‘g‘an tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Rossiya kuni munosabati bilan yo‘llangan xatga ham to‘xtalib o‘tdi. "Prezident hech shak-shubhasiz, davlatlararo an'anaga ko‘ra, Rossiyaning milliy bayrami munosabati bilan maktub yo‘lladi. Maktub matnida munosabatlarni ular munosib bo‘lgan darajada tiklash bo‘yicha sa'y-harakatlar haqida so‘zlar bo‘lgan. Fikrimcha, umuman olganda Rossiyada bu ijobiy qabul qilingan", deb aytdi Qalin.  

Qalinning fikricha, "Turkiyaning chegaralarni muhofaza qilish masalalarida nozikligini hisobga olgan holda, munosabatlarni tartibga solish uchun umumiy yo‘lni topishga imkoniyat bor".

Top