Xitoyda zaharli yugurish yo‘laklari ishlab chiqqan zavodlar yopildi
Xitoy hukumati, maktablar uchun yugurish yo‘laklarini ishlab chiqishda tarkibida zaharli moddalar bo‘lgan sanoat chiqindilaridan foydalangan 9ta zavod faoliyatini to‘xtatdi, deb xabar qilmoqda Xitoy OAV.
CCTV telekanali o‘tkazgan surishtiruvlarga ko‘ra, Xebey provinsiyasidagi zavodlar asosan Xitoy maktablarida qo‘llaniladigan rezinali ko‘cha yugurish yo‘laklarini ishlab chiqishda sanoat chiqindilaridan foydalangan. Chiqindilar tarkibida esa, inson salomatligi uchun zararli moddalar va og‘ir metallar bo‘lgan.
Global Times gazetasining yozishicha, Tsanchjou shahri hukumati 9ta zavodni yopib, ularning rahbariyatini hibsga olgan. Bundan avval, Xebey provinsiyasi va Pekin shahridagi ota-onalar, yangi rezina yugurish yo‘laklarining o‘tkir hidi maktab o‘quvchilarining burni qonashi, bosh og‘rig‘i va allergiyasiga sabab bo‘layotganidan arz qilishgan edi.
Ta'lim vazirligi esa, maktab ma'muriyatlaridan, davlat xavfsizlik me'yorlariga mos kelmaydigan barcha rezina yugurish yo‘laklarini ko‘chirishni talab qilgan.