O‘zbekiston | 09:36 / 23.06.2016
21028
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da 22 iyun kuni O‘zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik va istiqbolli loyihasi ijrosi – Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin ishtirok etdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
O‘zbekiston rahbari mazkur g‘oyat ulkan loyihaning amalga oshirilishi mamlakat uchun katta yutuq, muhim va unutilmas tarixiy voqea ekanini alohida ta'kidladi.
Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining ishga tushirilishi yuk tashish bo‘yicha vaqt va mablag‘ tejash imkonini beradi, shuningdek, tranzit, ishlab chiqarish va infratuzilma salohiyatini keskin oshiradi, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi, dedi Prezident.

E'tiborlisi, o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar kuch-g‘ayrati bilan keyingi yillarda 1 ming 200 kilometrdan ziyod yangi temir yo‘l tarmog‘i barpo etildi, 3 ming 800 kilometrlik yo‘l modernizatsiya qilindi va qaytadan ishga tushirildi, qariyb 1100 kilometrlik temir yo‘l magistrallari elektrlashtirildi. Natijada temir yo‘llarning umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga yetdi va ular O‘zbekistonning barcha mintaqalarini qamrab olish imkoniga ega bo‘ldi. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan davrdan buyon yuk tashishlar 1,5 barobar, yo‘lovchi tashish 1,3 barobar o‘sdi. Umuman, 2015 yilda temir yo‘llar orqali qariyb 82 million tonna yuk tashilgani va 20,1 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgani yurtimizda mazkur tarmoqning salohiyati va imkoniyatlari tobora kengayib borayotganidan dalolatdir. Bugungi kunda O‘zbekistonda yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali tashilmoqda.
Marosimda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin mazkur loyihaning amalga oshirilishi Xitoy va O‘zbekiston hamkorligining ulkan samarasi, ikki xalq o‘rtasidagi yaqin do‘stlikning yana bir yorqin namunasi ekanini ta'kidladi.

Xitoy va O‘zbekiston ahil qo‘shni, yaqin do‘st va ishonchli hamkor, mamlakatlarimiz o‘zaro munosabatlardagi samimiyat ruhini yuksak qadrlaydi. Kelgusida birgalikda xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi yanada katta yutuqlarga erishamiz. Xitoy va O‘zbekistonning hamkorlik yo‘llari yanada keng va porloq bo‘lishiga ishonamiz, dedi Si Tszinpin.

Suratlar: Temur Mamadaminov i Oqil G‘ulomov / UzA.