Aston Martin ajoyib trek rodsterini ishlab chiqdi
Aston Martin kompaniyasi Vantage GT12 trek superkarining tomi ochiq namunasini namoyish etdi. U yagona nusxada ishlab chiqilgan. Rodster Britaniyaning Gudvud shahridagi "Tezlik" festivalida omma e'tiboriga havola etiladi.
Aston Martin Vantage GT12 Roadster kompaniya mijozining maxsus buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan. Mijoz dastlab, kupe olmoqchi bo‘lgan, ammo keyinchalik u fikrini o‘zgartirib, noyob rodster xohlayotganini aytgan.
Aston Martin Vantage GT12 Roadster texnik jihatdan xuddi kupe kabi jihozlangan. U 5,9 litrli havoli V12 dvigatelga ega bo‘lib, mashinani 600 ot kuchi bilan ta'minlay oladi. Motor 7 bosqichli Graziano avtomatik uzatmalar qutisi yordamida superkarni harakatga keltiradi. 3,7 soniyada 100 km.ga chiqa oladi. Uning maksimal tezligi soatiga 297 km.ni tashkil etadi.
Hozircha, uning narxi sir tutilmoqda. Aytish joizki, Aston Martin Vantage GT12 ning yopiq namunasi yatigi 100 dona chiqarilgan edi. U 250 ming funt sterlingdan sotilgan.
Foto: motor.ru