Jahon | 16:37 / 24.06.2016
3589
1 daqiqa o‘qiladi

Davlat dumasi Yarovaning «aksilterror» qonunlarini qabul qildi

Rossiya Davlat dumasi deputatlari, Irina Yarova hamda senator Viktor Ozerov tomonidan ishlab chiqilgan aksilterror qonun loyihalarini qabul qildi, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti».

Ushbu qonun, terrorizmga oid jinoyatlar uchun javobgarlik va jazolarni keskinlashtiradi. Xususan, yangi qonunga ko‘ra, xalqaro terrorizmda aybdor topilgan shaxs umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. Bundan tashqari, huquq-tartibot idoralariga voyaga yetmagan 14 yoshli o‘smirlarni ham terrorizmda ayblash imkoni berilmoqda. Shu bilan birga, endilikda tayyorlanayotgan terakt haqida xabar bermaganlik uchun ham jazoga tortilish ehtimoli paydo bo‘lmoqda. 

Aloqa operatorlari ham 3 yil mobaynida, telefon qo‘ng‘iroqlari, xabarlar va fayllarni yuklab olish, yuborishga oid ma'lumotlarni saqlashi shart bo‘ladi. Foydalanuvchilar yozishmalarini 6 oygacha yo‘qotmasligi talab etiladi.