O‘zbekiston | 20:28 / 24.06.2016
12481
2 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov Pokiston Prezidenti Mamnun Husayn bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24 iyun kuni Ko‘ksaroyda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov uchrashuvda Mamnun Husaynning yurtimizga ilk tashrifini mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida muhim voqea, deb bilishini ta'kidladi. 

Pokiston O‘zbekistonga yaqin qo‘shni, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlat. Mamlakatlarimiz hamkorligi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. 

Davlatlarimiz mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston Pokistonning ShHTga a'zo davlat sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, tashkilotga raisligi davrida bu masalaga alohida e'tibor qaratdi. Bu borada Harakat dasturini ishlab chiqdi va amalga oshirdi. Sammit doirasida ShHTda a'zo davlat maqomini olish majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi uning amaliy natijasi bo‘ldi.

Foto: O‘zA