Jamiyat | 21:47 / 24.06.2016
7752
3 daqiqa o‘qiladi

Nosoz avtobusni boshqargan haydovchi o‘zi va yo‘lovchilarning tan jarohati olishlariga sabab bo‘ldi

1979 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ikki nafar farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan, “Toshshahartransxizmat” Aktsiyadorlik kompaniyasi avtosaroylaridan birida avtobus haydovchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Dilmurod Haydarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida bugun sudning qora kursisiga yetib kelishga arzirli ko‘ngilsiz holatlarga sababchi bo‘ldi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda. 

Poytaxtimizning Yunusobod tumani hududida qatnaydigan yo‘nalishlardan birida avtobus boshqarib, aholining uzog‘ini yaqin qilishga bel bog‘lagan Dilmurod o‘sha kuni havoning issiqligini bilgan holda to‘la darajada soz bo‘lmagan avtobusni boshqarib yo‘lga otlanadi. Uning maqsadi yo‘lovchilarni sog‘-omon manzillariga yetkazib qo‘yish, kechqurun o‘zi ham yuzi yorug‘ holatda rahbarlariga kunlik hisobotini topshirib, oilasi bag‘riga qaytish edi. Ammo o‘sha kuni uning shoshqaloqligi yoki o‘ylamasdan qilgan harakatlari yo‘lovchilarga qimmatga tushdi. 

Bu voqea o‘tgan yilning bahor oyi boshlarida sodir bo‘ldi. Dilmurod Haydarov har kungidek ertalab turib ishga otlandi. Kun qizib borardi. O‘z yo‘nalishida xizmat olib borayotgan Dilmurod kun tikkaga kelgan ya'ni soat 14:00larda tumanning Ittifoq ko‘chasidagi yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib borayotganida avtobus salonidagi moslama(datchik) orqali suvning harorati ko‘tarilganligini ko‘radi va avtobusni yo‘l chetida to‘xtatadi. Issiq suvning havosini chiqarib yuborish maqsadida avtobusning salonida joylashgan suv radiator qopqog‘ini burab ochadi. Qaynab yotgan suv esa chor atrofga sachrab otilib chiqa boshlaydi. Bunga avtobus salonida bo‘lgan, qo‘lida yosh bola bilan avtobusning birinchi joyida o‘tirgan yo‘lovchi 1968 yilda tug‘ilgan, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro Malikaxon Murodova va uning to‘rt yoshli nabirasi Samiraxon otilib chiqqan suvdan kuyish jarohatini olishadi.

Haydovchi Dilmurod Haydarov bunday vaqtlarda xavfsizlik choralarini qo‘llagan holatda avtobus salonidagi yo‘lovchilarni pastga tushirishi, avtobusning nosozligi haqida nozimxona vakiligiga xabar berishi, o‘zboshimchalik bilan avtobusni tuzatishga urinmasligi kerak edi. O‘zining ehtiyotsizligi oqibatida ikki nafar yo‘lovchining, qolaversa, o‘zining ham kuyish oqibatida tan jarohatlari olishlariga sababchi bo‘lib qoladi. 

Shunday qilib, bugun hech kimga yomonlik tilamagan holatda aybsiz aybdor bo‘lib qolgan Dilmurod o‘ylamay qilgan ishidan ming bor pushaymon bo‘ldi. Kuyish jarohati og‘irligi sababli bu ikki nafar fuqaro ham Dilmurod ham shifoxonada davolanib chiqishdi.