O‘zbekiston | 19:02 / 24.06.2016
18939
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston Prezidenti Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi

2016 yil 22 iyun kuni Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Huseyn boshchiligidagi to‘qqiz kishilik delegatsiya Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. 

Oliy toifali mehmon dastlab, hadis ilmining sultoni, Buxoriy hazratlarining qabrini ziyorat etib, u kishiga bo‘lgan yuksak ehtiromini bildirdi.

So‘ng majmua tarixi bilan tanishib, uning mustaqillikdan oldingi va keyingi holatlari haqidagi ma'lumotlarni diqqat bilan tingladi. Ayniqsa, so‘ngi yillarda olib borilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari borasida iliq fikrlar bildirdi. Dunyo ahli tan olgan buyuk imomga ko‘rsatilayotgan davlat darajasidagi e'tibordan behad shodlangan Mamnun Huseyn hazratlari majmuani ziyorat qilar ekan, mahobatli maqbarani, serfayz hovliyu, salobatli masjidni ko‘rib, O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. Ko‘plab ulamolarga beshik bo‘lgan O‘zbekiston diyori bugun ham Islom dini rivojiga hissa qo‘shib, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin topib borayotganini ta'kidladi.

Yuqori martabali mehmon majmuadagi tarixiy chinorlar ostida majmuaning tashrif kitobiga o‘zining ezgu tilaklarini yozib qoldirdi va masjid imomiga Qur'oni karim kitobini sovg‘a qildi.

Foto: religions.uz