ShHT mamlakatlari ekstremizmga qarshi kurash Konventsiyasi ustida ishlamoqda
ShHTga a'zo davlatlar, tashkilotning ekstremizmga qarshi kurash Konventsiyasi borasida bitimga erishish arafasida. Bu haqda, ShHTning mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sysoyev ma'lum qilgan.
Uning aytishicha, tashkilot tomonidan 2001 yili qabul qilingan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash Konventsiyasi hamda 2009 yili uni to‘ldiruvchi terrorizmga qarshi Konventsiya, "terrorizm", "terroristik harakat", "terroristik tashkilot" kabi tushunchalarga yagona huquqiy izoh bergan.
"Bugungi kunda, ShHTning ekstremizmga qarshi kurash Konventsiyasi loyihasi muhokama etilmoqda", - degan Yevgeniy Sysoyev.
"Ushbu hujjatlar, nafaqat ShHT hududida yangi chaqiriqlar va tahdidlarga qarshi kurashni tashkil etish choralarini birlashtirishga imkon beradi, balki xalqaro maydonda ham shu kabi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga asos bo‘lishi mumkin", - deb qayd etgan ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijrochi direktori.