Jahon | 19:20 / 25.06.2016
33220
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov dunyodagi eng katta yaxta egasiga aylandi

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov dunyodagi eng katta yaxta egasi bo‘ldi. Mutaxassislar uning narxini 600 mln dollarga baholashmoqda. 

Lurssen nemis verfi Usmonovning yangi, Dilbar deb nomlangan 156 metrlik superyaxtasining umumiy sig‘imdorligi 15917 tonnani tashkil qilishini tasdiqladi. Bu haqda Yacht Harbour xabar bermoqda. 

Shu tariqa, Dilbar ayni vaqtda dunyodagi eng shinam, keng xususiy yaxta bo‘lmoqda.

Bu borada 2- va 3-o‘rinni, mos ravishda, Ummon sultoniga tegishli Al Said (15850 tonna) va Abu-Dabi amiriga tegishli Azzam (13136 tonna) yaxtalari egallamoqda. Ularning barchasi Lurssen verfida qurilgan. 

Usmonovning onasi ismiga atab qo‘yilgan yaxta unga soatiga 42 km tezlik bilan harakatlana olishga imkon beradigan dizel-elektr kuch qurilmasi bilan jihozlangan.

Yaxta korpusi po‘latdan, ustqurmalari alyuminiydan ishlangan, ichki xonalar umumiy maydoni 3800 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Ta'kidlanishicha, kema ichida ishlatilgan elektr simning uzunligi 1100 km ni tashkil qiladi. Yaxta narxi oshkor qilinmagan, biroq mutaxassislar uni 600 mln dollarga yaqin baholashmoqda. 

Dengiz atamasida umumiy sig‘imdorlik maxsus o‘lchash qoidalariga ko‘ra aniqlanadigan kema xonalari hajmi hisoblanadi. Bunda yuqori paluba, ustqurmalar va rubkalardagi barcha xonalar, yoqilg‘i va ballast sisternalar hajmi hisobga olinadi.

Usmonov Dilbar yaxtasidan tashqari, 110 metrli Ona superyaxtasiga ham ega.

Lurssen Werft Germaniyaning Bremen shahrida joylashgan kemasozlik kompaniyasi hisoblanadi. 1875 yilda tashkil topgan, superyaxtalar, harbiy kema va maxsus vazifalarni bajaruvchi kemalarni qurishga ixtisoslashgan.