Sport | 23:38 / 25.06.2016
9028
7 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2016: 1/8 final ishtirokchilarining "ishongan tog‘lari"

«Real» jamoadoshlari, Teri Anrining qo‘l bilan urgan goli uchun qasos olish imkoniyati, ikki turli "qutb" futbolchilari qarama-qarshiligi. Xullas, Yevro-2016 1/8 finali o‘yinlari haqida so‘z yuritamiz. 

Shveytsariya - Polsha. 25 iyun, 17:59

Agar siz Shveytsariya va Polsha jamoalarining o‘zaro o‘yini xususida, ularning guruh bosqichidagi natijasini e'tiborga olgan holda xulosa qiladigan bo‘lsangiz, bu o‘yinni tomosha qilishni xohlamay qolishingiz aniq. Biroq qayd etish kerak, ular qanday natijani ko‘rsatganiga qaramay, o‘yin jihatidan saviyasi yuqori ekanini isbotlashdi. Shveytsarlar Ruminiyaga qarshi o‘zining oxirgi vaqtlardagi eng ajoyib o‘yinlaridan birini o‘tkazgan bo‘lsa, polyaklar Germaniya sinovida toblanishdi. 
Bundan tashqari, bugungi o‘yinda Robert Levandovski alohida e'tiborda bo‘lishi tabiiy. Garchi bu yilgi chempionatda gol ura olmagan bo‘lsa-da, himoyachilar e'tiborini o‘ziga tortish bilan jamoasiga yordami tegmoqda. Biroq bu safar Rodriges, Sher va Juru kabi himoyachilarga nisbatan u qanday choralar ko‘ra olarkin?  

Britancha derbi

Uels – Shimoliy Irlandiya. 25 iyunya, 20:59

Tasavvur qila olasizmi, shotlandlar o‘zlarini qanday his qilishmoqda ekan? Axir Yevropa chempionatida o‘z vakillariga ega bo‘lmagan yagona Buyuk Britaniya davlati aynan Shotlandiyadir. Bundan tashqari, Angliya, Uels va ikkala Irlandiya ham kelishib olishgandek, guruh bosqichidan chiqishdi. 

Endi bevosita o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak. Chempionat boshlarida Shimoliy Irlandiyani hech kim jiddiy qabul qilmagan edi. Uels esa, guruhdagi eng zaif jamoa, deb baholangan edi. Amalda esa, endilikda ulardan biri hatto 8 ta eng kuchli jamoalar tarkibidan joy olish imkoniga ega. 

Modrich jamoadoshi Ronalduga qarshi

Xorvatiya – Portugaliya. 25 iyunya, 23:59

Ha, bu ikkala ajoyib iqtidor sohiblari bir jamoada to‘p tepishadi. Biroq ikkisi ikki olam go‘yo. Krishtianu haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham, o‘ziga bino qo‘yganligini qayd etish joiz. Luka Modrich esa uning aksi: kamtar, bosiq, jamoa bilan o‘ynashni xush ko‘radigan, gazeta muqovalarida ko‘p ham ko‘zga tashlanmaydigan o‘yinchi. Ammo ularni bog‘lab turadigan bir jihat bor. U ham bo‘lsa, bir o‘zi o‘yin tizginini boshqara oladigan futbolchilar. 

Anrining qo‘lidan qasos olish imkoniyati

Fransiya - Irlandiya. 26 iyun, 17:59

Aytish joizki, Irlandiya shunday yorqin tomosha ko‘rsatishi uchun ham Yevroning pley-off bosqichiga chiqishi kerak edi. Zumrad oroli aholisi, 2009 yilda ularning sevimli jamoasini Fransiya vakili Terri Anri raqib jarima maydonida qo‘li bilan golli uzatma qilib, Irlandiyani Jahon chempionatiga chiqish imkonidan mahrum qilganini yodlaridan ko‘tarishmagani aniq. O‘sha mag‘lubiyat irlandlar qalbida og‘ir jarohat qoldirgan. Shunga ko‘ra, jamoa futbolchilari ham o‘ch olishni qasd qilib turishgani tabiiy. 

Endi tasavvur qiling-a, bu safar ham hakamlar Fransiyaga "yordam" bervorishsa nima bo‘larkin?!

Slovakiya termasi bir oyda ikkinchi marta Germaniyani mag‘lub etishga urinib ko‘radi

Germaniya – Slovakiya. 26 iyunya, 20:59

Qayd etish kerak, Germaniya Yan Kozak shogirdlari xavfsiraydigan jamoalardan emasligi tayin. Nemis mashinasi bir oylar muqaddam, aynan Slovakiyadan mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rgandi. Albatta u o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lgandi. Unda slovaklar 3-0 hisobida raqibini dog‘da qoldirgandi. Ammo bu safar ham slovaklar bayrami davom etarmikan?

Yevroning kashfiyotlaridan biri, eng to‘purar jamoasi

Vengriya – Belgiya. 26 iyunya, 23:59

Vengriya – eng to‘purar jamoa? Ha, shunday, garchi siz bunga qo‘shilishni istamasangiz ham, natija fikrni isbotlab turibdi. 
Belgiya bilan o‘yin oldidan Vengriyaning Portugaliyani qanchalik shoshirib qo‘yganini yodga olish kifoya, nazdimda. Vengrlar jamoasi, aynan jamoaviy o‘yin ko‘rsatish bilan raqiblarini dog‘da qoldirishning uddasidan chiqishmoqda. 

Yevro-2016da futbol falsafalari to‘qnashuvi

Italiya - Ispaniya. 27 iyun, 20:59

Italiya Ispaniyaga qarshi. Bu o‘yin taktik o‘yinlar muxlislari uchun naq 90 daqiqalik huzur-halovatni taqdim etishi shubhasiz. Himoyada o‘ynash tarafdorlari hujumkor o‘yin muxlislari bilan munozaralar o‘tkazishi uchun bosh sabab. Aslida, Antonio Konte va Visente Del Boske ham jamoaviy o‘yinni ma'qul ko‘radi. Faqat ular buni o‘yinda boshqacha qo‘llashadi.

Muzliklar diyori Islandiya o‘z ertagini davom ettiradimi?

Islandiya-Angliya. 27 iyun, 23:59.

Aytish mumkinki, Islandiyaning qariyb barcha er aholisi orolni tark etib, Nitstsada yangi Islandiya shahriga asos solishgan, desak mubolag‘a bo‘lmas. Mamlakat fuqarosining har o‘ninchisi Fransiyaga kelib, milliy terma jamoasiga muxlislik qilmoqda. Ayni shu holat, Islandiyadagi prezidentlik saylovi taqdirini ham xavf ostiga qo‘ydi. Islandiya termasi futbolkalari savdosi esa, 1800 foizga o‘sgan. Endilikda, ular guruh bosqichidagi ajoyib o‘yinlaridan so‘ng, Angliya sinovidan o‘tishga urinib ko‘radi. 

Orolliklar allaqachon qahramonga aylanishga  ulgurib, vengerlar kabi musobaqa kashfiyotlaridan biri bo‘lishdi. Ammo tasavvur qiling, asli gandbolchi Aron Gunnarsson jamoasi Runi, Keyn va Vardilarni uylariga kuzatib qo‘yishsa, qanaqa shov-shuv ko‘tariladi? Bu «Lester» ertagidan ham ta'sirliroq bo‘lishi aniq.

Manba: Tribuna.uz