Jahon | 00:10 / 25.06.2016
8763
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko: harbiy aviatsiyamiz istalgan zo‘ravonga munosib javob berishga qodir bo‘lgan kuch bo‘lishi kerak

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Xarkov havo kuchlari universitetida nutq so‘zlab, harbiylarga Rossiyani "bosib turishga" tayyorlanishni buyurdi. Bu haqda Poroshenkoning rasmiy saytida ma'lum qilindi.

"Bizning harbiy aviatsiya o‘z vazifasi, o‘t ochish qudrati va jangovor qo‘llanish uzoqligiga ko‘ra, mudofaaning boshqa tarkibiy qismlari bilan birga Rossiyaning tajovuzkor ambitsiyalarini bosib turishni ta'minlaydigan, istalgan zo‘ravonga munosib javob berishga qodir bo‘lgan kuch bo‘lishi kerak", deb aytdi Poroshenko.

Poroshenko 2016 yilda Ukraina aviatsiyasini modernizatsiya qilish uchun 2,5 mlrd griven (100 mln dollarga yaqin) ajratilganini ma'lum qildi. Bu mablag‘lar samolyot va vertolyotlarni ta'mirlash va modernizatsiya qilish uchun sarflanishi kerak.

Avvalroq Poroshenko bir necha marotaba Ukraina armiyasining qudrati haqida aytib o‘tgandi. Uning aytishicha, Ukraina armiyasi qit'adagi eng katta  armiyani to‘xtatib, Donbassning uchdan ikki qismini qaytara olgan. Rossiya Davlat dumasida bunday so‘zlar Poroshenkoning siyosatda muvaffaqiyatlari yo‘qligini qoplashga qaratilgani aytilgan.