London sobiq meri Brexit oqibatlari haqida fikr bildirdi
London shahrining sobiq meri, yevroskeptik Boris Jonson The Telegraph gazetasidagi maqolasida, Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi xususida qarashlarini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya Brexitdan keyin ham YeI bilan aloqalarini rivojlantiradi. Jonsonning fikricha, Brexit «asrning eng noyob siyosiy voqeasidir». Ta'lim, madaniy va gumanitar kabi sohalardagi mavjud aloqalar saqlab qolinadi.
Jonsonning ishonch bildirishicha, YeIda istiqomat qilayotgan britaniyaliklar huquqlari to‘liq ta'minlanganidek, YeIning Qirollikdagi fuqarolariga ham hech kim tayziq o‘tkazmaydi. Bundan tashqari, yagona bozor va harakatlanish erkinligi saqlab qolinadi.
London sobiq merining ta'kidlashicha, birgina narsa o‘zgarishi mumkin, u ham bo‘lsa, Britaniya «YeI qonunchiligining chegarasiz va noshaffof tizimidan» o‘zini xalos etib, Yevropa sudining ta'siridan qutiladi.
Jonson shu bilan birga, Shotlandiyada mustaqillik uchun referendum o‘tkazish zaruratini ko‘rmayotganini qayd etgan.
foto:Reuters