Jahon | 01:26 / 27.06.2016
5011
2 daqiqa o‘qiladi

OAV Britaniyaning YeIdan chiqishi bo‘yicha qayta referendum o‘tkazish iltimosnomasida imzolar qalbakilashtirilganidan xabar topdi

Buyuk Britaniyada iltimosnomalarni mamlakat fuqarolari imzolash huquqiga egaligiga  qaramasdan, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqida a'zoligi bo‘yicha qayta referendum o‘tkazish chaqirig‘iga butun dunyo davlatlari fuqarolari imzo chekishgani ma'lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Guardian nashri.

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, iltimosnomaga Islandiya, Kayman orollari, Tunis va boshqa davlatlar fuqarolari imzo chekkan. Ba'zi hollarda esa ba'zi davlatlardan berilgan ovozlar miqdori bu davlatlar aholisidan bir necha marotaba ko‘proqni tashkil qilgan. 

Misol uchun, qayta referendum o‘tkazish talabiga Vatikan rezidentlari 39 ming imzo qo‘ygan, vaholanki bu mitti davlatning aholisi bor-yo‘g‘i 800 kishini tashkil qiladi.

Britaniya quyi palatasining iltimosnomalar bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan imzolar bilan bog‘liq 77 mingta firibgarlik holati qayd qilingan, ularning barchasi o‘chiriladi.

Parlamentchilarning fikricha, bu muammoni hal qilishning yo‘llaridan biri iltimosnomaga imzo chekmoqchi bo‘lganlar shaxsini identifikatsiya qilishdir.