Jahon | 19:15 / 27.06.2016
4372
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Isroil munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Turkiya va Isroil o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi va kelishuvga erishdi. Bu haqda Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirimga asoslanib «TASS» xabar bergan.

"Munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuv tasdiqlandi. Shunday ekan, munosabatlarning tiklanish jarayoni boshlanadi. Seshanba kuni kelishuvga Turkiya TIV rahbari imzo chekadi. Shundan so‘ng hujjat tasdiqdan o‘tkazish uchun hukumat va parlamentga yuboriladi", degan u.

Yildirimning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning Tashqi ishlar vazirlari hujjatni imzolashganidan keyin, maxsus vakillar tayinlanadi.

"Bu yaqin bir necha hafta ichida ro‘y beradi. Bu vazifaga eng ishonchli kishilar tayinlanadi", degan vazir.

NTV telekanali Isroil delegatsiyasidagi manbasiga asoslanib xabar qilishicha, ushbu kelishuv 2010 yili Isroil maxsus bo‘linmasi tomonidan Turkiyaga qarashli «Mavi Marmara» paromining qo‘lga olinishi chog‘ida halok bo‘lganlar uchun Isroil tomonidan 20 million dollar tovon to‘lanishini ko‘zda tutadi. Shuningdek, Turkiya bu kelishuv asosida G‘azoda elektr stansiyasi va suvni tozalash inshootlari quradi.