O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda 32 ming gektar maydonda intensiv mevali bog‘ yaratildi
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida “Xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta'minlash – ustuvor vazifa” mavzuida anjuman o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari meva va uzumning 40 dan ortiq serhosil navini yaratdi. O‘zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining seleksionerlari har xil muddatda pishadigan hosildor, yuqori sifatli hamda kasalliklarga chidamli sabzavot ekinlarining 41, polizning 5, kartoshkaning 6 yangi navini kashf etdi.
Keyingi uch yilda 23,5 ming gektar yangi tokzorlar barpo etilib, 17,4 ming gektar hosildorligi past tokzorlar rekonstruksiya qilingan. Oxirgi besh yilda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida 32 ming gektar maydonda intensiv mevali bog‘ yaratilgan.
Xususan, 2015 yilda 1991 yilga nisbatan bog‘dorchilikda qariyb 3,3, uzumchilikda 2,5, sabzavotchilikda 1,4, polizchilikda 1,8 va kartoshkachilikda 2,6 barobar o‘sishga erishildi.
Tadbirda aholini arzon, sifatli, ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlari bilan yanada to‘liq ta'minlash, eksport hajmini ko‘paytirish, yetishtirilgan mahsulotlarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar xususida ma'lumot berildi.